O‘qituvchilar uchun ipoteka subsidiyalariga ariza qabuli boshlanadi
Ma’lumki, o‘tgan yil 26-dekabrdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2026-yil mamlakatda barcha sohalarni, jumladan davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa yo‘nalishlarni rivojlantirishda muhim burilish yili bo‘lishi ta’kidlangan edi.
Shu asosda mamlakatimizda ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, pedagoglarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularni ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
2026-yildan boshlab kamida 15 yillik ish stajiga va oliy malaka toifasiga (bosh o‘qituvchi lavozimiga) ega pedagoglarga ipoteka kreditlari bo‘yicha davlat subsidiyasi ajratiladi.
Unga ko‘ra, ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Mazkur maqsadlar uchun 2026-yilda davlat byudjetidan 200 milliard so‘mgacha mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Subsidiya olish uchun pedagoglar Davlat xizmatlari markazlari, my.gov.uz portali, mobil ilovalar orqali ariza topshirishlari mumkin.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining ma’lum qilishicha, pedagoglar uchun ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiya olish uchun arizalar qabuli 20-aprel kuni soat 14:00 da boshlanadi. Arizalar elektron tarzda ko‘rib chiqiladi. Bunda talabgorning shaxsiy ma’lumotlari — ish staji, malaka toifasi, daromadi va kredit tarixi — davlat axborot tizimlari orqali avtomatik ravishda tekshiriladi.
Ijobiy xulosa berilgan hollarda fuqaro bankni tanlab, birlamchi bozordan ipoteka krediti asosida uy-joy xarid qiladi. Tartibga ko‘ra, subsidiya faqat bir marta beriladi. Faqat birlamchi uy-joy bozoriga tatbiq etiladi. Ariza beruvchi va turmush o‘rtog‘i nomida ikki va undan ortiq uy-joy bo‘lmasligi kerak.
Mazkur dastur pedagoglarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ta’lim sohasida malakali kadrlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Davlat subsidiyalari pedagoglar uchun muhim moliyaviy yengillik yaratib, sohada barqarorlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA