O‘qituvchilar — hayotimiz charog‘bonlari
Inson hayotida shunday kasblar borki, ularning samarasi bir kun, bir yil yoki bir avlod bilan o‘lchanmaydi. Uning mevasi yillar, hatto asrlar davomida ko‘rinadi. O‘qituvchilik ana shunday sharafli va mas’uliyatli kasbdir. Zero, bu kasb egalari nafaqat farzandlarga bilim beradi, balki ularning qalbiga ezgulik, ongiga ma’rifat, hayotiga maqsad va kelajagiga ishonch singdiradi.
1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Buxoroda ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatib, yosh avlodni barkamol insonlar etib tarbiyalash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh ustoz va murabbiylarni taqdirlashga bag‘ishlangan tantanali tadbir ana shu ulug‘ kasb egalariga yuksak ehtiromning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.
Tantanali marosimda viloyat hokimi Botir Zaripov, ta’lim tizimi xodimlari, ustoz va murabbiylar, soha faxriylari hamda davlat mukofotlariga sazovor bo‘lganlar ishtirok etdi. Viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqib, barcha ustoz va murabbiylarni qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etdi.
— Dunyoda shunday kasb egalari borki, ularsiz hayotimizni tasavvur qilish qiyin. O‘qituvchilar esa hayotimiz charog‘bonlaridir. Kim bo‘lmaylik, qaysi sohada ishlamaylik, barchamizga muallimlar ta’lim va tarbiya berishgan, — dedi viloyat hokimi. Darhaqiqat, bu so‘zlarda ustozlik kasbining butun mohiyati mujassam. Zero, bugun shifokor inson hayotini asrayotgan bo‘lsa, uning qo‘liga ilk bor qalam tutqazgan ham ustoz. Bugun muhandis murakkab inshootlar bunyod etayotgan bo‘lsa, unga ilm sirlarini o‘rgatgan ham muallim. Olimning kashfiyoti, san’atkorning mahorati, sportchining zafari, tadbirkorning tashabbusi ortida esa ko‘pincha bir vaqtlar unga ishonch bildirgan, yo‘l ko‘rsatgan ustoz siymosi turadi. Shu ma’noda ustoz mehnati — kelajakka qo‘yilgan eng katta sarmoyadir.


Bugun mamlakatimizda ta’lim va tarbiya masalasi davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, ularning mehnatini munosib qadrlash, ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbari ta’kidlaganidek, “muallimning obro‘-e’tibori — bu avvalo millatning, butun xalqning obro‘-e’tiboridir”. Bu fikr bugungi voqelikda o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Chunki o‘qituvchining qadrini oshirish — faqat uning maoshi yoki moddiy sharoitini yaxshilash emas. Bu — uning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, kasbiy sha’nini himoya qilish, fikri va mehnatiga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, eng muhimi, yosh avlod tarbiyasi uchun uning zimmasiga yuksak ishonch yuklash demakdir.
Bundan o‘n yillar avval o‘qituvchilar va davlat tashkilotlari xodimlarining paxta yig‘im-terimiga jalb etilgani, hatto 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kunida ham ayrim hollarda bayram tadbirlaridan so‘ng ularning paxta dalalariga yo‘naltirilgani bugungi kun nuqtai nazaridan yanada yaqqolroq anglashiladi. Bugun esa manzara butunlay boshqacha.


O‘qituvchi va murabbiyning sha’ni, qadr-qimmati, kasbiy nufuzi va huquqlarini himoya qilish, ular uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu esa jamiyatning ustozga bo‘lgan munosabatidagi katta o‘zgarishdir.
Bugun Buxoro viloyatidagi 2 791 ta ta’lim dargohida 53 158 nafardan ortiq pedagog-xodim yosh avlodga ta’lim va tarbiya berib kelmoqda. Ular uchun munosib sharoit yaratish, ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy o‘quv xonalari, laboratoriyalar, sport inshootlari va boshqa zarur infratuzilmalarni barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Joriy yilning o‘zida viloyat maktabgacha va maktab ta’limi tizimidagi 236 ta ta’lim muassasasida qurilish-ta’mirlash va moddiy-texnik bazani mustahkamlash ishlari olib borilmoqda. Bu maqsadlar uchun jami 1,4 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Bu raqamlar zamirida oddiy bir haqiqat mujassam: ta’limga sarflangan har bir mablag‘ — inson kapitaliga, farzandlar kelajagiga, yurt taraqqiyotiga kiritilgan sarmoyadir. Bunday e’tibor va yaratilgan sharoitlar o‘z samarasini bermoqda.
Bugun buxorolik o‘quvchi-yoshlar xalqaro va respublika miqyosidagi nufuzli bilim va sport musobaqalari, san’at festivallari hamda turli tanlovlarda munosib natijalarni qo‘lga kiritishmoqda.


Jumladan, joriy yilda viloyat vakillari xalqaro va respublika fan olimpiadalarida 33 ta sovrinli o‘rinni egalladi. Shuningdek, ushbu o‘quv yilida o‘tkazilgan test sinovlarida ishtirok etgan viloyat bitiruvchilari o‘rtacha 110,8 ball to‘plab, respublikadagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan birini qayd etdi. Albatta, bu raqamlarning har biri ortida o‘quvchining intilishi, ota-onaning ishonchi bilan bir qatorda, ustozning bedor tunlari, sabri, izlanishi va mehnati bor.
Tantanali tadbirda ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan bir guruh ustoz va murabbiylarning davlat mukofotlari bilan taqdirlangani alohida ta’kidlandi.
Yaqinda Prezident farmoniga muvofiq, ta’lim-tarbiya tizimida fidokorona mehnat qilib, alohida natijalarga erishgan bir guruh xodimlar davlatning yuksak mukofotlariga munosib ko‘rildi. Faxr bilan aytish joizki, mazkur Farmonga muvofiq Buxoro viloyatining 6 nafar vakili ham davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘ldi.


Tantanali marosimda ularning nomlari e’lon qilinib, yuksak mukofotlar hamda ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi. Mukofotlangan ustozlarga gullar taqdim etildi. Shuningdek, ko‘p yillik samarali mehnati, kasbiga sadoqati va fidoyiligi bilan ta’lim-tarbiya sohasida alohida o‘rnak ko‘rsatib kelayotgan bir guruh ustoz va murabbiylar ham munosib taqdirlandi. Ularga “Xalq ta’limi fidoyisi”, “Xalq ta’limi a’lochisi”, “O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi” hamda “Oliy ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishonlari tantanali ravishda topshirildi. Bir qarashda bu — mukofot. Aslida esa uning mazmuni ancha chuqur. Chunki ustoz uchun eng katta mukofot — shogirdining yutug‘i. Uning eng katta quvonchi — bir vaqtlar o‘ziga savol berib turgan bolaning bugun jamiyatga naf keltirayotgan insonga aylanganini ko‘rish. Eng katta baxti esa — shogirdining “Ustozimdan o‘rganganman” degan bir og‘iz so‘zi.


Tadbirda so‘z olgan ustozlar davlat tomonidan o‘qituvchi va murabbiylarga qaratilayotgan yuksak e’tibor ularni yanada katta mas’uliyat bilan mehnat qilishga undayotganini ta’kidladilar. Bu tabiiy. Zero, ustozga berilgan e’tibor uning yelkasidagi mas’uliyatni ham oshiradi. Chunki unga ishonch bildirilgan joyda mas’uliyat bo‘ladi. Qadrlangan kasb esa yanada katta sadoqat bilan bajariladi.
Ustozning mehnati birgina olimpiadadagi medal, bitiruvchining to‘plagan bali yoki tanlovdagi g‘alaba bilan o‘lchanmaydi. Ustoz mehnati — shogird qalbida qolgan ezgu so‘zda. Ustoz mehnati — adashgan bolaga berilgan to‘g‘ri yo‘lda. Ustoz mehnati — ilmga qiziqqan bir navqiron qalbda uyg‘ongan ishonchda. Ustoz mehnati — ertangi kunni bugundan bunyod etayotgan minglab yoshlarning orzu va maqsadlarida namoyon bo‘ladi. Shuning uchun ham ustozga aytilgan bir og‘iz “rahmat” ba’zan yillar davomida qilingan mehnatning eng katta e’tirofi bo‘lishi mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri