O‘qituvchi va murabbiylar tibbiy ko‘rikdan o‘tmoqda
Andijon tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikada “O‘qituvchi va murabbiylar salomatligi oyligi" doirasida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik o‘tkazildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan yurtimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi oylik doirasidagi tibbiy ko‘riklar Andijon viloyatida ham uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.
Andijon tuman tibbiyot birlashmasi ko‘p tarmoqli markaziy hamda “Xakan” hududiy poliklinikalarida tashkil etilgan tibbiy ko‘riklarda hududdagi umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarining 400 nafarga yaqin o‘qituvchi hamda murabbiylari ishtirok etdi.
O‘qituvchi va murabbiylar aksiya doirasida EKG, UTT, laboratoriya tekshiruvlari, shuningdek, kardiolog, nevropatolog, urolog, ginekolog, oftalmolog, endokrinolog kabi soha mutaxassislari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga zarur tavsiyalar berildi.
[gallery-12907]
Sog‘ligida muammosi bor o‘qituvchi va murabbiylar salomatligini tiklash uchun tuman, viloyat hamda respublika darajasidagi davolash-profilaktika muassasalariga yo‘naltirilmoqda.
Tibbiy ko‘riklar doirasida shifokorlar tomonidan turli kasalliklar kelib chiqishining oldini olish, ustozlarning tibbiy savodxonligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazildi.
Bu kabi tibbiy ko‘riklar viloyatning barcha tuman va shaharlarida davom etmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA