O‘qituvchi ustama to‘lanmayotganidan norozi bo‘ldi
Namangan viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Xayrullo Sobirov tomonidan aholini qiynab kelayotgan muammolarni qonuniy hal etish maqsadida qabul o‘tkazildi. Unda tuman (shahar) adliya bo‘limlaridagi studiyadan fuqarolar hamda tadbirkorlar o‘z muammolari va masalalari bilan murojaat qildi.
To‘raqo‘rg‘on tumani Fayziobod mahallasida yashovchi O‘lmasbek Xolmirzayev tumandagi 2-son kasb-hunar maktabi informatika o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. U xalqaro toifadagi “Google for education” sertifikatiga ega bo‘lsa-da, unga 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab Prezident farmoniga ko‘ra, har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanmasdan kelayotganidan norozi. Muallimning murojaati To‘raqo‘rg‘on tumani adliya bo‘limi ish yurituviga olinib, qonuniy hal etilishi belgilandi.
Shuningdek, Namangan shahrida istiqomat qiluvchi Ahmadxon Mamatxonov tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish, bu orqali o‘zing savdo belgisiga ega bo‘lishi masalasida qilgan murojaati ijobiy hal etilishadigan bo‘ldi.
Yana bir fuqaro Xurshida Mirzayevaning uy-joy masalasidagi murojaati tinglanib, unga subsidiya asosida uy olish mumkinligi yuzasidan huquqiy tushuntirish berildi.

Qabul davomida shuningdek, fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot ham o‘tkazildi. Muloqotlarda kommunal, uy-joy va yer ajratish, qurilish, bandlik masalalariga oid bildirilgan masalalarning aksariyatiga huquqiy tushuntirish berilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan murojaatlar adliya boshqarmasi, uning tuman bo‘limlari ish yurituviga olindi.
Ma’lumot uchun, Namangan viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i haftaning seshanba kuni va har payshanba kunida bo‘lim boshliqlari mahallalarda aholi muammolarini tinglaydi. Bu esa muammolarni tez va samarali hal etish imkonini bermoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA