Oqdaryo tumaniga yangi hokim tayinlandi
Bugun xalq deputatlari Oqdaryo tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi.
Sessiyada ishtirok etgan Samarqand viloyati hokimi A.Boboyev tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarni tanqidiy tahlil qilib, aholi turmush darajasini yaxshilash va bandligini ta’minlashda foydalanilmayotgan imkoniyatlarga e’tibor qaratdi. Mas’ul rahbarlarning bugungi kun talabiga mos va hamjihatlikda faoliyat ko‘rsatmayotgani qayd etildi.


Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. 2021 yil dekabr oyidan buyon tumanga rahbarlik qilib kelgan Sh.Qudratov o‘z arizasiga ko‘ra, vazifasidan ozod etildi.
Shu paytgacha Samarqand viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritgan Mahmudov Temur Asomiddinovich Oqdaryo tumani hokimi etib tayinlandi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri.