Onalar faryodi yoxud aybsiz aybdorlar...
Qani edi, ular qo‘llaridagi dori malham emas, zaharligini avvalroq bilganida! Qani edi, bu zahri qotilni farzandiga bermaganida!
Yurtimizda ro‘y bergan bolalar o‘limi bilan bog‘liq voqealar barchani birdek qayg‘uga soldi. Ayniqsa, vafot etgan bolalarning ota-onalari, yaqinlari, oila a’zolari uchun og‘ir judolik bo‘ldi. Onalar ko‘zlaridan oqayotgan yosh, chekayotgan faryodini ko‘rib, taskin bermoqqa so‘z topa olmaydi, kishi.

Afsuslar bo‘lsinki, Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida yashovchi oila farzandi ham «Dok-1 Maks» siropini ichishi oqibatida 2022 yilning 28 noyabrida vafot etdi.
Qizaloqning onasi Mahbuba Usmonovaning aytishicha, 2 noyabr kuni farzandida shamollash alomatlari kuzatila boshlagan. Shu bois, tuman ko‘ptarmoqli bolalar shifoxonasiga murojaat qilgan. Shifokor «Dok-1 Maks» siropini tavsiya qilgan.
"Qizimga «Dok-1 Maks»ni shifokor aytgan miqdorda ichirgan edim, – deydi M.Usmonova. – Hech qancha vaqt o‘tmasdan qizimda ishtahasizlik, holsizlik boshlandi. Yana qayta o‘sha bolalar shifoxonasiga murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Ular Samarqandga borishimizni aytdi.
Kitob bilan Samarqand orasi bir yarim soatlik yo‘l bo‘lgani uchun Qarshiga bordik. Umumiy tahlillardan so‘ng u yerdagi shifokorlar ham Samarqandga borishimizni aytdi. Qizig‘i, Samarqandga borganimizda, do‘xtirlar bu dorini ikki yildan beri tavsiya qilmasliklarini aytib, «biz hozir «Dok-1 Maks» siropini bolalarga yozmaymiz, demak, hali tumanlarda yozilayotgan ekan-da», dedi. Qo‘llaridan kelganicha farzandimni saqlab qolishga harakat qildi. Ammo 28 noyabr kuni ertalab tonggi soat oltida farzandim vafot etdi.

Bolamning hamma a’zolari zaharlanib bo‘lgan ekan. Tasavvur qiling, farzandim ularning qo‘ligacha 99 foiz zaharlanib borgan... Bir foiz uchun kurashdik. 2 noyabrdan 28 noyabrgacha bolamning organizmi o‘sha dorining zaharini chiqarish bilan kurashdi.
Eng yomoni onalarning aybsiz aybdorligi. Biz shifo istab, o‘z qo‘limiz bilan zahar ichiribmiz. Bolam shunchalar qiynaldiki, o‘zini har tomonga urdi, apparatlardan chiqib ketolmay, talpinadi, "aya", deydi. Oldin buyragi, bora-bora o‘pkasi ishdan chiqdi, nafas olishi qiyinlashdi, so‘ng yuragi to‘xtay boshladi. U yashashga haqli edi!
Hammani ayblasam, xato bo‘ladi. Qayerlardadir jonkuyar shifokorlar ham bor. O‘sha Samarqand bolalar shifoxonasida ko‘rdim: ular uxlamaydi, kechasi bilan bolaning boshida turib chiqadi. Hamshiralarning, kichik xodimlarning jon kuydirganini ko‘rdim, lekin shunday shifokorlarni ham ko‘rdimki, loqaydlarcha, "bugun kutaylik-chi, ertaga ko‘raylik-chi", deyishdan nariga o‘tmasdi...
Qaysidir quyi bo‘g‘indagi bemor uchun harakat qilgan, davolanishiga hissa qo‘shgan shifokorning emas, bolalarni o‘limga duchor qilgan, o‘sha dorining kirib kelishiga sabab bo‘lgan mas’ullarning jazolanishini istayman. Jinoiy javobgarlikka tortilishini xohlayman. Kimdir puliga, kimdir obro‘yiga ishonar, lekin 18 nafar murg‘akning uvolidan qo‘rqmaydimi? Ularning ota-onalari, har birimizning orqamizdan qancha jigarlarimiz, yaqinlarimiz ezildi".
"Dori ta’siridan kasallik avgust oyidan rivojlanib kelgan ekan. O‘sha oydan boshlab ko‘paygan ekan, – deydi 16-shifoxona deb aytiluvchi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida vafot etgan poytaxtlik bolaning onasi. – Bu haqda bir mas’ul inson vazirlikka aytgan ekan. Bir kasallik negadir avj olyapti, tekshiraylik, sabablarini bilaylik, nima bo‘layotganini aniqlaylik, desa vazirlik umuman ahamiyat ham bermagan, tekshirmagan ham ekan. Bolam yo‘talgani uchun aptekadan «Dok 1 Maks» dorisini olib ichirdim. Bir-ikki kun o‘tib, farzandim holsizlanib, ahvoli yomonlasha boshladi. Shundan keyin 16-shifoxonaga olib bordik. Biz uchinchi bo‘lib bordik. Bir haftaning ichida shifoxonada xuddi shunday bemor bolalar 21 nafar bo‘ldi. 11 nafar bola pastda biz yotgan qavatda yotdi. Sig‘maganidan keyin to‘rtinchi qavatga yana to‘qqiztacha bolani joylashtirishdi. Biz ketayotganimizda yana ikkitami, uchta bola keldi. Viloyatlardan kelgan ota-onalar qurbi yetgani uchun bolasini Toshkentga olib kela olishganini, lekin olib kelolmayotganlarning bolalari o‘sha yerda o‘lib ketayotganini aytishdi.
«Siymayotgan bolaga to‘rttalab kapilnitsa qilishyapti, to‘rtinchi kapilnitsa ketmay qolyapti», deyishdi. O‘tgan yil "Dok-1 Maks»dan Samarqandda 15 nafar bola o‘ldi", degan xabarlar chiqqan ekan. Nega o‘sha paytda taqiqlanmagan bu dori, nega tekshirilmagan? Biz shifokorlardan norozi emasmiz. Bemorlarga nima kerak bo‘lsa, qilishdi... Lekin doriga mas’ul odamlar nimaga o‘z vaqtida tekshirishmagan? Bu ham yetmagandek, aybni yana o‘zimizga to‘nkashyapti. "Nega ota-onalar shifokorga olib bormasdan bolasiga aptekadan dori olib ichirgan yoki ko‘p ichirgan", deyishyapti. Avvalo aptekalarda sotilayotgan dorilarning ichida mana shunaqa zarar borligini mas’ullar bilishi kerak emasmi?"
Darhaqiqat, mutasaddi tashkilotlar va mas’ul shaxslarning loqaydligi sabab yuzaga kelgan “Dok-1 Maks” bilan bog‘liq fojia – norasida bolalarning o‘limi, ortida bo‘zlab qolgan onalar hasrati barchani birdek qayg‘uga soldi, unutilmas saboq bo‘ldi.
Aslida tartib bo‘yicha mamlakatimizga olib kelinayotgan har bir dori preparatlari tekshiruvlardan o‘tkazilib, iste’molga yaroqli bo‘lsagina kiritilishi lozim emasmidi?
Nima bo‘lganda ham, so‘ngi xulosa albatta, chuqur tahlillar, tekshiruvlar, o‘rganishlardan keyingina ma’lum bo‘ladi. Ishonamizki, xalq salomatligiga tahdid solgan bu kabi holatlarning asl sabablari va sababchilari ma’lum bo‘ladi.
M.Qosimova,
O‘zA