Ona va bola salomatligi muhofazasida yangi imkoniyatlar
FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyatida ona va bola salomatligini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, ayniqsa, og‘ir ahvolda tug‘ilgan chaqaloqlarga o‘z vaqtida va malakali tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish borasida muhim qadam tashlandi.
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining viloyat filialida mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 20 o‘ringa mo‘ljallangan yangi chaqaloqlar reanimatsiya bo‘limi barpo etilib, foydalanishga topshirildi.
Zamonaviy talablar asosida tashkil etilgan bo‘lim muddatidan oldin yoki og‘ir holatda tug‘ilgan, shoshilinch tibbiy yordamga muhtoj chaqaloqlarni davolash va ularning hayotini saqlab qolish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
[gallery-31008]
Bu kabi imkoniyatlar viloyatda onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimi izchil takomillashib borayotganidan dalolat beradi.
Xususan, joriy yilning o‘tgan yetti oyi davomida viloyatda 38 ming 449 ta tug‘ruq qayd etilib, 38 ming 314 nafar chaqaloq tirik tug‘ildi. Shu davrda chaqaloqlar o‘limi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21 nafarga kamaydi.
Ayni paytda filialda zamonaviy diagnostika va davolash usullarini joriy etish, jumladan, homilador ayollar salomatligini nazorat qilish, kasalliklarni erta aniqlash hamda murakkab holatlarda yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat),O‘zA