Ona tilining kuchi nafaqat unda so‘zlashuvchilar, balki raqamli olamdagi o‘rni bilan ham ulug‘
Davlat tili bugun mustaqillikning huquqiy belgisi bo‘libgina qolmay, boshqaruv, ta’lim, iqtisodiyot va raqamli taraqqiyotning strategik resursiga aylanmoqda.
Yangi O‘zbekistonning kelajagi ko‘p jihatdan ana shu resursdan qanday foydalanishimizga bog‘liq.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 21-oktabrda “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilinganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda: “Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb bilishimiz kerak”, deya ta’kidladi.

O‘zbek tili bayrami ilk bor keng nishonlangan 2020-yil 21-oktabrda esa davlatimiz rahbari bu fikrni yanada aniq ifodaladi: “Davlat tilining obro‘-e’tibori – butun xalq, butun jamiyatning obro‘-e’tiboridir”.
Mustaqillik sari qadamdan konstitutsiyaviy kafolatgacha bo‘lgan jarayonni tahlil etar ekanmiz, 1989-yil 21-oktabrda “g‘oyat murakkab ijtimoiy-siyosiy sharoitda” qabul qilingan “Davlat tili haqida”gi qonunni Prezidentimiz “milliy mustaqillik sari qo‘yilgan muhim qadam” deb baholadi. O‘tgan davr mobaynida bu qadam mustahkam huquqiy tizimga aylanganligini guvohi bo‘lib turibmiz.
Darhaqiqat, 2019-yil 21-oktabr kuni «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni imzolandi: Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi, Atamalar komissiyasini tuzish topshirildi.
Bu borda izchil islohotlar amalga oshirilib, 2020-yil 10-aprel kuni “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonun imzolandi, 21-oktabr O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.
Shundan so‘ng 2023-yil 30-apreldagi referendumda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 4-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir”, deb qat’iy belgilab qo‘yildi.
Islohotlar esa, o‘z natijasini ko‘rsata boshladi. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan 72 nomda qomus, lug‘at va qo‘llanmalar chop etildi. Olti jildli “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, to‘rt jildli “Alisher Navoiy ensiklopediyasi”, besh jildli “Navoiy tili lug‘ati” yetakchi xorijiy universitetlar kutubxonalari, jahondagi o‘zbek tili markazlari va klublariga yetkazib berilmoqda.
Xususan, 2025-yilgi qaror bilan 2026-yil 1-yanvardan ayrim davlat organlari va hokimliklarda ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etilishi belgilandi. Bugungi kunda tegishli milliy sertifikatga ega o‘zbek tili fani o‘qituvchilarining oylik maoshiga 50 foiz qo‘shimcha ustama berilmoqda. Ta’lim boshqa tilda olib boriladigan maktablarning 11-sinf bitiruvchilari uchun davlat tili fanidan yakuniy imtihon topshirish belgilandi.
Yana bir muhim jihat O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishda davlat tilini bilish talabi rasman belgilandi.
Fuqaro davlat bilan o‘z tilida, tushunarli va aniq muloqot qila olgandagina qonun har bir xonadonga yetib boradi. Aslida davlat tilida ish yuritish – faqat filologik masala emas, boshqaruv madaniyati va xalqimizning o‘ziga bo‘lgan hurmati ko‘zgusidir. Davlatimiz rahbari bundan o‘ttiz yil oldin qabul qilingan o‘zbek tilining asosiy imlo qoidalarini qayta ko‘rib chiqishni “kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarimiz” qatoriga kiritgani ham shundan.
Bugun tilning kuchi nafaqat unda so‘zlashuvchilar soni, balki raqamli olamdagi o‘rni bilan ham o‘lchanadi. Prezidentimiz 2025-yilgi tabrigida ta’kidlaganidek, “hayotimizda sun’iy intellekt ta’siri ortib borayotgan bir paytda bu qudratli vosita yordamida ona tilimizni rivojlantirish va targ‘ib etish – davr talabidir”.
Davlat huquqiy poydevorni yaratdi, aniq dastur va muddatlarni belgilab berdi. Ammo eng mukammal qonun ham kundalik hayotda ijro etilmasa, qog‘ozda qoladi. Shu bois Prezidentimiz konsepsiyani 2025–2026-yillarda amalga oshirish dasturini hayotga joriy etishda “nafaqat mas’ul va mutasaddi tashkilotlar, balki barchamiz faol ishtirok etishimiz zarur”ligini alohida ta’kidladi. Bu har birimiz uchun aniq vazifalarni anglatadi:
Markaz tomonidan davlat organi xodimlari o‘rtasida Davlat tilini boyligini keng ko‘lamda targ‘ib etish bilan bir qatorda, yozma savodxonlikni yanada yuksaltirish va o‘zbek tiliga bo‘lgan ehtiromni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida yurtimiz bo‘ylab “Umummilliy diktant” loyihasi doirasida savodxonlik tadbirlari o‘tkazilmoqda. Loyihaning huquqiy poydevori Prezidentimizning 2025-yil 20-oktabrdagi “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini yuqori saviyada ta’minlash maqsadida loyiha ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etildi.
Shu bois, loyihani tashkil etish va yuqori saviyada o‘tkazish mas’uliyati uchta asosiy tashkilot – Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga yuklatilgan. Ushbu idoralarning qo‘shma qarori bilan “Umummilliy diktant”ni o‘tkazish tartibi va nizomi tasdiqlandi.
Shuningdek, hududlarda tadbirlarni bevosita tashkil etish va muvofiqlashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklari zimmasiga yuklatilgan.
Aytish joizki, 2026-yilning oktabr oyidan boshlab ushbu loyiha har yili an’anaviy tarzda o‘tkazib boriladi. “Umummilliy diktant”ning asosiy g‘oyasi shunchaki xodimlarning xatolarini topish yoki ularni baholashdan iborat emas. Uning mazmun-mohiyati savodxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan bo‘lib, davlat xizmatchilariga shaxsiy o‘z-o‘zini tekshirish imkoniyatini beribgina qolmasdan hujjatlarning xatosiz yuritilishiga ham erishiladi.
Hozirgi kungacha Markaz bilan hamkorlikda 30 dan ortiq vazirlik, idora va yirik tashkilotlarda hamda ularning hududiy va tizim bo‘linmalarida “Umummilliy diktant” loyihasi doirasida savodxonlik tadbirlari juda yuqori saviyada o‘tkazildi. 70 dan ortiq tashkilotlarda esa o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Yurtimizning ko‘plab vazirlik va idoralarida savodxonlik tadbirlari yuqori saviyada o‘tkazilganligini alohida ta’kidlashimiz kerak. Mahmudxo‘ja Behbudiy bobomiz bundan bir asr oldin “Kelar zamon uchun hozirlanaylik, o‘tgan zamon uchun emas”, deb yozgan edi.
Davlat tili – ana shu kelar zamonning tili. Prezidentimiz Abdulla Avloniy bobomizning “til – millat ruhini yuksaltiruvchi buyuk kuchdir” degan fikrini eslatib, shunday degan edi: “Ona Vatanga muhabbat va sadoqat – ona tiliga muhabbat va sadoqatdan boshlanadi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz”.
Pardaxol NORQOBILOVA,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi bosh mutaxassisi.
O‘zA