Ona tilim, sarchashmangdan sarxush dilim!
Til millat tarixi, qiyofasining bir boʻlagi, madaniyat va tamaddun yoʻlidir. Ona tili esa millatning ruhidir.
Til millat tarixi, qiyofasining bir boʻlagi, madaniyat va tamaddun yoʻlidir. Ona tili esa millatning ruhidir. Tilni asrash, rivojlantirish millatning yuksalishiga xizmat qiladi.
Ona tilimiz – oʻzbek tiliga 1989-yil 21-oktyabrda davlat tili maqomi berilishi mamlakatimiz, xalqimiz hayotidagi unutilmas tarixiy voqea, mustaqillikka erishish yoʻlida qoʻyilgan ilk jiddiy qadam boʻlgan edi.
Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda boʻlgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim oʻzgarishlar yuz berdi. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyov rahbarligida mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatida belgilab berilgan istiqbolli yoʻnalishlar samarali natijalar berayotgan davrda, oʻzbek tilining xalqaro miqyosdagi obroʻsi ham kun sayin oshmoqda.
Mana, yana koʻpdan beri kutilgan, orzu qilingan tarixiy kun keldi. 2020-yilning 23-sentyabri. Nafaqat Oʻzbekiston, balki jahon tarixiga zarhal harflar bilan yozilajak, nihoyatda muhim kun. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida yuqori darajadagi umumsiyosiy munozaralarda ishtirok etib, BMT minbaridan birinchi marta oʻzbek tilida nutq soʻzlashi qalbimizda faxr-iftixor tuygʻularini joʻsh urdirdi.
Oʻtgan qisqa vaqt mobaynida Oʻzbekiston Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan avvalo qoʻshni davlatlar bilan munosabatlarda ulkan muvaffaqiyatlarni qoʻlga kiritdi. Shu bilan birga, qator rivojlangan mamlakatlar bilan ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning pragmatik yoʻnalishlarini diqqat markazida tutgan holda, ikki tomonlama aloqalarning strategik asoslarini yangilash yoki belgilashga erishdi.
Mamlakatimiz ikki tomonlama formatlarni qoʻllagan holda, yangi mintaqaviy dolzarb masalalarni kun tartibiga qoʻydiki, bunda tranzit salohiyati, yuk tashish hajmini oshirish, oʻzaro iqtisodiy manfaatlar, preferensiya, transport kommunikatsiyasi, infratuzilma va boshqalar bosh axborot patternlariga aylandi.
Davlatimiz rahbari mamlakat tashqi siyosatida oʻrnatgan bir qator yangi tamoyillar jahon hamjamiyatida yuqori baholandi. Jumladan, Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlarining strategik birlashuvi va hamkorligini mustahkamlashda yetakchi davlat pozitsiyasini namoyish etdi. 2018-yil 27-mart kuni oʻtkazilgan “Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik” mavzusida Afgʻoniston boʻyicha Toshkent xalqaro konferensiyasi buning yaqqol dalilidir.
Ikkinchidan, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning mushtarak kelajak obrazini yaratish boʻyicha ish olib borar ekan, bu qoʻshni davlatlarning umummintaqaviy manfaatlari ifodachisi sifatida maydonga chiqdi hamda bosqichma-bosqich quyidagi gʻoyalarni ilgari surdi: “Markaziy Osiyo – Yevropa va Osiyo oʻrtasidagi koʻprik”; “Markaziy Osiyo kelajagi mintaqa mamlakatlari qoʻlida”, Mintaqa taraqqiyoti – tashqi siyosatning asosiy maqsadi”, “Markaziy Osiyo mamlakatlari xavfsizligi – mushtarak”.
Prezidentimiz bu borada global omillarning oʻsishi jarayonida mintaqa mamlakatlarining hamjihatligini kuchaytirish zaruratiga alohida eʼtibor qaratdi. Bundan tashqari, jamoaviy xavfsizlik masalasi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot bilan uzviy aloqada ekani, savdo-tranzit, transport, energetik, infratuzilmaviy va kommunikatsion loyihalarning amalga oshirilishi ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning yetakchi omillari sifatida eʼtirof etildi.
Bularning barchasi jahon hamjamiyatida mamlakatimiz mavqeini yuksaltirish, Oʻzbekistonning yangilikka va rivojlanishga oshufta qiyofasini tanishtishga yoʻl ochdi. Buning natijasida dunyoning rivojlangan davlatlari Oʻzbekistonni strategik muhim davlat va sherik sifatida qabul qildi.
Endigi navbat oʻzbek tilining mavqeini ham dunyo miqyosiga koʻtarishga keldi. Garchi, davlatimiz rahbari ona tilimiz tadqiqi va tatbigʻi borasida ter toʻkib faoliyat olib borayotgan boʻlsa-da, BMT minbaridan oʻzbek tilida nutq soʻzlashi bu jarayonga tamomila yangi va buyuk hissa boʻlib qoʻshildi. BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi minbaridan ilk bor oʻzbekcha nutq yangrashi butun oʻzbek xalqining, xorijdagi vatandoshlarning qalbini toʻlqinlantirib yubordi.
Bu, albatta, boshlanishi. Istaymanki, ona tilimning mavqei bundan-da baland boʻlsin! Jahon uzra ovozing qayta-qayta yangrasin, doʻstu dushman bagʻrini toʻlqinlantirib sasing joʻshsin, shonli oʻzbegim!
Zilola Xudoybergenova,
Bartin universiteti
Zamonaviy turkiy tillar va
adabiyotlar kafedrasi professori
(Turkiya Respublikasi)