Ona tiliga muhabbat oilada shakllanadi
Inson umrining mohiyati bo‘lgan har qanday tuyg‘ularining ildizi eng avvalo oilada qo‘yilgani kabi milliy tilning poydevori ham inson ko‘z ochib ko‘rgan makonda shakllanadi.
Ota-onaning qalbidagi o‘y-fikrlar farzandiga meros bo‘lib o‘tadi. Shunday ekan, biz farzandlarimizga hali murg‘aklik paytidan vatanparvarlik, elparvarlik kabi muqaddas his-tuyg‘ularni singdirib borishimiz kerak.
Toshkent shahridagi Yashnobod tumani hokimligi bilan hamkorlikda 52-sonli alohida yordamga muhtoj bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktabda Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 10 fevraldagi "Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan "Oila – ma’naviyat beshigi" shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Tadbirda ishtirok etgan Toshkent shahar hokimining maslahatchisi Akmal Ro‘zitoyev va boshqalar ona tilining inson kamolotidagi o‘rni haqida gapirdilar.
Tadbir jarayonida ona tilimizning jozibasini tarannum etguvchi she’rlar, qo‘shiqlar, sahna asarlari namoyish etildi.

Namunali xulqi, fanlarni o‘zlashtirishdagi intilishlari hisobga olinib, o‘quvchilarning ota-onalariga maktab ma’muriyati tomonidan minnatdorchilik xatlari topshirildi.
O.Bekmurodova,
O‘zA