«Ona» so‘zini doimo bosh harflar bilan yozaylik
Inson tirikligining asoschisi bo‘lgan Ona haqida avvallari ham ko‘p yozilgan, bundan buyon ham yoziladi. Ulardan orttirib nima ham deymiz? Keling, yaxshisi bugun harkim o‘z Onasiga murojaat qilsin. O‘z Onasini tariflasin, o‘z Onasini ulug‘lasin. Menimcha, yod bo‘lib ketgan baland parvoz gaplardan shu afzal bo‘lsa kerak.
Bundan 33 yil avval dunyoga kelib, insoniyat nomli katta muhitga qo‘shilib, tiriklik yo‘liga tushibman. Mening chirqiragan ovozim birga teng tug‘ilgan boshqa go‘daklardan farq etmagani bilan Onam uchun goh gurkiragan savlatli, g‘oh sivizg‘i tovushidek ovozli, yoqimli edi. Chunki u o‘zidan avval hech bir Ona dunyoga keltirmagan ajoyib bir o‘g‘lonni dunyoga keltirgan edi-da!
Menimcha, har bir Ona farzand ko‘rgan paytida xuddi shuni tasavvur qilsa kerak…
Xalqimizda «o‘zi bo‘lgan O‘zgaboy» degan gap bor. Bunga hozirda har kim har xil ma’no berib kelmoqda. Mening fikrimcha, bu ibora dastlab Onaning qadr-qimmatiga yetmagan nomard farzandga tegishli bo‘lsa kerak.
Taniqli qoraqalpoq publitsisti A.Xalmuratovning «Onamning oq suti» degan novellasini o‘qiganim esimda. Unda Ona bilan farzandning, oddiylik bilan buyuklikning, yovuzlik bilan noziklikning g‘aroyib siymosi gavdalangan. Buni aytishimdan maqsadim, novelladagi so‘z yuritilgan Onaning ayrim harakatlari mening Onamga juda ham o‘xshab ketar edi.
Men 4 yoshgacha beshikda yotganman. Uning aytgan allalari qulog‘imga singib ketgan:
Aynanayin oy bola,
Shopqillab yurgan toy bola,
Shu bizning Ruslandek,
Bo‘la oladi qay bola?!
Yigitlik yoshiga yetgan shu kunlari ko‘proq o‘ylanadigan bo‘lib qoldim.
Men onam o‘ylaganidek inson bo‘la oldimmi? «Oqshom oq beshikni olib yoniga…» deb shoirlar aytganidek tun uyqusini to‘rt bo‘lgan bir oqshomiga turamanmi? Tay-tay bosgan qadamlarimga, so‘ng ishdan charchab kelganida oldiga shopqillab chiqqanimga, sumkamni orqalab, o‘zim tengdosh bolalarga qo‘shilib maktabga borganimga, olgan dastlabki «5» bahomga quvongani ko‘z oldimda. Vaqtida bularning hech biriga ahamiyat bermaganman. Bo‘yim o‘sgani sayin uning ko‘ngli ham o‘sganini, umidlari faqat farzandlari ekanligini qaydan bilibman?
Gazetada chop etilgan dastlabki maqolamni ko‘zlariga surtib, takror-takror o‘qib, ukalarimning qo‘li tegmaydigan joyga avaylab asragani bor.
Yana da so‘ng… so‘ng… so‘ng… Sizni yana qanchalik quvontirgan ekanman Onajon?!
Sizning mehringizni, erkalatishlaringizni haligacha sog‘inib turaman.
Hamma ham Onadan tug‘ilgan. Onaning oq suti bilan kamol topgan. Mehr-shavqat, kechirimlilik, sabr toqatlilik, mardlik to‘yg‘ulari onalarning qalbida qanaqa qilib joylashib turganiga hayron qolasan kishi.
Ey, birodar. Onang oldidagi qarzimni uzdim deyish bekor gap. Har bir olgan g‘animatli daming uchun uning oldida bir umr qarzdorsan.
Dunyodagi tiriklikning yaratuvchisi bo‘lgan, ulug‘larning ulug‘i Ona so‘zini doimo bosh harflar bilan yozaylik!
Ruslan ARZIEV,
Navoiy davlat konchilik instituti Nukus
filiali matbuot kotibi, jurnalist.
O‘zA