O‘n bir yoshli Omadbek “metrka” oldi
Andijon viloyati Adliya boshqarmasi tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullardagi murojaatlar doirasida fuqarolarni yillar davomida qiynab kelayotgan turli muammolar ijobiy yechimini topmoqda.
Jalaquduq tumanining Uzunko‘cha mahallasida yashovchi Omadbek No‘’monjonov yaqinda o‘zining 11 yoshini qarshiladi. Shunday bo‘lsa-da, otasining pasporti yo‘qligi hamda turli oilaviy sabablar tufayli uning tug‘ilganligi o‘z vaqtida rasmiylashtirilmagan edi.
Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomasi yo‘qligi uchun u bog‘chaga, maktabga borishida, ayniqsa, bolalar foydalanadigan tibbiy xizmatlardan foydalanishda ko‘p qiyinchiliklarga uchradi.
Omadbekning ota-onasi viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Jalaquduq tumanida o‘tkazilgan sayyor qabulda ushbu muammoni hal etishga yordam berilishini so‘rab murojjat qildi. Ushbu murojaati Jalaquduq tuman FHDYO bo‘limi tomonidan belgilangan muddatlarda o‘rganib chiqilib, tug‘ilganligi tasdiqlanib, dalolatnoma rasmiylashtirildi.
Mustaqillik bayrami arafasida 11 yoshli Omadbekka viloyat adliya boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Kamoliddin Mashrapov tomonidan tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma topshirildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (foto),
O‘zA