Omonariqda gulchilik yanada kengayadi (+video)
Andijon viloyati Baliqchi tumanidagi Omonariq mahallasida tadbirkorlikni rivojlantirish, xususan, tomorqadan unumli va samarali foydalanish, shu orqali mahalla aholisining real daromadini oshirish, turmush farovonligini yuksaltirish borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Keyingi ikki yil ichida mahalladagi 218 nafar fuqaroga imtiyozli kredit, 20 nafar fuqaroga subsidiya, 81 nafar kishiga dehqonchilik qilish uchun uzoq muddatga 10-15 sotixdan yer ajratib berildi. Bundan tashqari, 72 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirildi, 46 nafar fuqaro kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitildi, 5 ta tadbirkorlik subyektini zarur infratuzilma bilan ta’minlash uchun yordam ko‘rsatildi.
– Mahallamizdagi 1 ming 100 ga yaqin xonadonda 5,5 ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi, – deydi mahallada faoliyat olib borayotgan hokim yordamchisi Hayotbek Xojimurodov. – Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib, ana shu asosda amaliy ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, tomorqadan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
[gallery-16359]
Ayni kunda mahalla xonadonlarida 27 gektar tomorqa maydoni mavjud. Ularning 30 dan ortig‘ida issiqxona barpo etilgan. Issiqxonalarning aksariyatida limon, pomidor, bodring, karam, bulg‘or qalampiri yetishtirilayotgan bo‘lsa, qator xonadonlardagi issiqxonalarda gul ko‘chatlari parvarishlanmoqda.
Mahallaning Andijon ko‘chasida yashovchi tadbirkor Mansurbek Po‘latov ko‘p yillardan buyon o‘z tomorqasidagi issiqxonada manzarali gul ko‘chatlari yetishtirib keladi. O‘tgan yillar davomida u gul ko‘chati yetishtirish bo‘yicha katta tajriba to‘pladi, yaxshi daromad olishga erishdi.
Mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Azizbek Nurmatov, hokim yordamchisi Hayotbek Xojimurodov tashabbusi bilan tadbirkorning faoliyatini yanada kengaytirish, issiqxonalar qurib, mahalladagi boshqa xonadonlarda ham gulchilikni yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish maqsadida unga yana 6 sotix yer maydoni ajratib berildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/4PVWLzjhl9c" title=""Omonariq"da gulchilik yanada kengaydi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>– Hokim yordamchisi tavsiyasi bilan 2022-yilda Xalq bankining tuman bo‘limidan 33 million so‘m kredit olib, olti sotix maydonda issiqxona tashkil etdim, – deydi tadbirkor Mansurbek Po‘latov. – Bu yerda ham bir necha turdagi gul ko‘chatlari yetishtirishni yo‘lga qo‘ydim. Sa’y-harakat va mehnatlarimiz samarasi yomon bo‘lmadi. O‘tgan yili yaxshi daromad oldik. Bu yil ham katta daromad olish niyatidamiz. Shu kunlarda issiqxonada yetishtirilgan 4 xil turdagi gul ko‘chatlarini xaridorlarga yetkazib beryapmiz.
Issiqxonadagi turfa, bir-biridan go‘zal gullarni ko‘rib bahri-dilingiz yayraydi. Go‘zallik yaratayotgan qo‘li gul, o‘z ishining mirishkorlari mehnati har qancha tahsinga munosibdir.
Eng asosiysi, mahalladagi bir necha oila tadbirkordan gulchilikni o‘rganmoqda. Ular ham o‘z tomorqalarida issiqxona qurib, gul ko‘chatlari yetishtirishni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilishgan.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari