Ommaviy diktant tadbiri o‘tkazildi
Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti rektorati, Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti va Filologiya fakulteti dekanati tashabbusi bilan 1 dekabr – Qoraqalpoq tili bayrami kuni va qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligiga bag‘ishlab ommaviy diktant tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda institutning barcha fakultetlaridan 300 nafarga yaqin talaba-yosh, professor-o‘qituvchi, tyutor, pedagog va mutaxassis xodimlar ishtirok etishdi.

Ommaviy diktantni o‘tkazishdan asosiy maqsad institut jamoasi, shu jumladan, yoshlar o‘rtasida qoraqalpoq tiliga hurmat hissini kuchaytirish, savodxonlik madaniyati va qoraqalpoq tilining nufuzini yanada oshirishdan iborat bo‘ldi.
Diktant jarayonida ishtirokchilar uchun qoraqalpoq tilining jamiyatdagi o‘rni haqida yozilgan matn tanlab olindi. Ishtirokchilar belgilangan vaqt davomida matnni qoraqalpoq tilining imlo qoidalariga muvofiq tarzda yozishga harakat qilishdi.

Ommaviy diktant yakunlari bo‘yicha g‘olib bo‘lgan va faol ishtirok etgan yoshlar tashkilotchilar tomonidan til bayrami kechasida tantanali ravishda taqdirlanadi.
Yoshlar o‘rtasida qoraqalpoq tiliga bo‘lgan hurmatni yanada mustahkamlashga qaratilgan bunday ma’rifiy tadbirlar kelgusida ham davom etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri