Ombudsmanning istiqboldagi vazifalari belgilandi
Qiynoqlarning oldini olish, uning har qanday ko‘rinishiga qarshi murosasiz kurashish, yopiq turdagi muassasalarda inson huquqlari to‘liq ta’minlanishi bo‘yicha Ombudsman zimmasiga qator vazifalar yuklatildi.
Ushbu vazifalar ijrosi, Ombudsmanning 2021 yildagi asosiy faoliyat yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili hamda Ombudsman huzuridagi komissiya raisi Feruza Eshmatova murojaatlar bilan ishlashda inson huquqlarining ta’minlanishiga erishishga qaratilgan takliflar asosida istiqboldagi rejalar belgilab olinishini bildirdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha ilg‘or xalqaro tajribalarga asoslangan holda qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizmi yo‘lga qo‘yilib, bu orqali mahkumlar huquqlarini ta’minlash bo‘yicha jamoatchilik nazorati o‘rnatilgan. Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etildi.
O‘tgan yili Ombudsman instituti o‘z xalqaro pozitsiyasini mustahkamlab, «B» maqomga ko‘tarildi.
Lekin istiqbolda qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar hali ko‘p. Ularni samarali tashkil etish uchun esa birlashish va birgalikda ishlash zarur.
Ombudsman tomonidan hal etilgan murojaatlar yuzasidan OAVdagi chiqishlar ko‘paygani sari Vakilga yo‘llanayotgan murojaatlar soni ortgan. Shuning uchun, murojaatlar bo‘yicha ishlashda komissiya a’zolarining faolligini oshirish talab etiladi. Shuningdek, aholining huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha infografika va roliklar tayyorlash, murojaatchilarga huquqiy yordam ko‘rsatish, mintaqaviy vakillar faoliyatini kuchaytirish va albatta OAV bilan hamkorlikni mustahkamlash borasida samarali mexanizm va usullarni ishlab chiqish zarur.
Qayd etish lozimki, Ombudsman huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiyasi tarkibiga birinchi marotaba jamoatchilik vakillari kiritildi.
Komissiya a’zolari tegishli Nizomga muvofiq inson huquqlari va erkinliklarini buzayotgan organlar, tashkilotlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan shikoyatlarni ko‘rib chiqish, idoraviy hujjatlar, statistik va boshqa ma’lumotlar, xulosalar hamda boshqa ma’lumotlarni so‘rash, talab qilib olish, sudlarga davlat bojini to‘lamagan holda fuqarolar manfaatlariga doir ariza va da’volar bilan murojaat qilish to‘g‘risida Vakilga taklif kiritish va boshqa huquqlarga ega.
N. Abduraimova, O‘zA