“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida o‘quv
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili(ombudsman)ning Buxoro viloyati mintaqaviy vakili hamda hamkor tashkilotlar tomonidan Buxoro tumanida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida “Galaosiyo”, “Navro‘z”, “Mustaqillik”, “Oybek” va “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi vakillari ishtirokida navbatdagi o‘quv o‘tkazildi.
Ma’ruzachilar Yurtboshimiz tashabbusi bilan boshlangan demokratik islohotlarni qat’iy davom ettirishni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston–2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining mazmun- mohiyati, jumladan, birinchi navbatda aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan ta’lim, tibbiyot va ijtimoiy himoya tizimini yaratish, barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash, aholi uchun qulay ekologik sharoitni yaratish, shu jumladan, suv resurslarini tejash, xalq xizmatidagi adolatli va zamonaviy davlatni barpo etish, qonun ustuvorligini ta’minlash, mamlakatni xavfsiz va tinchliksevar davlatga aylantirish ishlarini davom ettirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish hamda mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirish “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy yo‘nalishlari ekanligi yig‘ilish qatnashchilariga tushuntirildi.

Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili A.Xuseynova mintaqaviy vakil faoliyatini amalga oshirishda davlat organlari va tashkilotlari hamda o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamkorligi masalalarida bir qator takliflarni bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2023 yil 11 aprelda imzolagan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida, shuningdek, Sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan tub islohotlar, xususan, aholini manzilli ijtimoiy muhofaza qilishni takomillashtirish, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy-ijtimoiy yordam darajasi va sifatini oshirish hamda profilaktik tadbirlarni kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

O‘zaro savol javob va erkin muloqot ruhida o‘tgan tadbirda kelgusida “Ombudsman maktabi” doirasida ko‘tarilishi zarur bo‘lgan sohalar bo‘yicha takliflar ham olindi.
Buxoro tumani hokimi vazifasini bajaruvchi Halimjon Safarov, Buxoro viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i Anvar Hamroyev va boshqa mas’ullar tadbirda o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.