“Ombudsman maktabi”: aholining huquqiy bilimlarini boyitmoqda
Paxtaobod tumanidagi jamoat salomatligi texnikumida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida “Ijtimoiy davlatda qonun ustuvorligini ta’minlash masalalari” mavzusida aholi vakillari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili(ombudsman)ning o‘rinbosari Bekzod Narimonov, Paxtaobod tumani hokimi o‘rinbosari Rasuljon Rustamov, tumandagi “Qashqar”, “Mash’al”, “Sangraobod”, “Navro‘z” va “Qorashoh” mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, aholi vakillari ishtirok etdi.
Shuningdek, ochiq muloqotga Ombudsmanga ushbu hududdan kelib tushayotgan murojaatlar tahlili asosida aholi uchun dolzarb bo‘lgan masalalar bo‘yicha mas’ul idoralar vakillari ham taklif etildi.


Tadbirda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha sohalar qatori jamiyatda qonun ustuvorligi, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, aholini qiynayotgan muammolarni o‘rganish va hal etish, xususan, inson omiliga e’tibor, aholi bandligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi qayd etildi. Ushbu masalalar davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga aylanganligi, “Inson-jamiyat-davlat” tamoyili asosida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Dastlab Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili(ombudsman)ning o‘rinbosari Bekzod Narimonovning “Insonni eshitish, uning huquqini himoya qilish – ombudsmanning vazifasi” mavzusidagi ma’ruzasi tinglandi.
Muloqotda Andijon viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Salimjon Otamirzayev aholiga tibbiy yordam va xizmat ko‘rsatish, tibbiy sug‘urtaning ahamiyati va ulardan foydalanish tartiblari to‘g‘risida gapirdi.
Shundan so‘ng Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi Paxtaobod tuman bo‘limi rahbari Faxriddin Usmonov davlat pensiya ta’minotiga oid qonunchilikdagi o‘zgarish va yangiliklar haqida ma’lumotlar berdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili(ombudsman)ning Andijon viloyatidagi vakili Jasurbek Ibrohimov giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning qonunga xilof muomalasiga qarshi kurashish hamda korrupsiyaga oid jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirishning yangi huquqiy mexanizmlari, fuqarolarning bu boradagi bilim va tushunchalarini oshirish muhimligi haqida so‘z yuritdi.
Ma’ruzachilar ma’ruzalar yuzasidan ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob qaytardi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish va yanada yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.

Tuman prokurori Xusanboy Yusupov Ombudsman o‘rinbosarining yurtimizning eng chekka, chegara hududlaridan birida aholi vakillari bilan muloqot o‘tkazishi, aholi muammolarini eshitishi, xususan, “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida olib borilayotgan targ‘ibot tadbirlari yurtimizda inson huquqlariga bo‘lgan e’tiborning namunasi ekanligini ta’kidladi.
Munozara, savol-javob asosida o‘tgan ushbu muloqot aholining ijtimoiy faolligini oshirish, ishtirokchilarning islohotlar, inson huquqlariga oid qonun hujjatlari mazmun-mohiyatiga oid huquqiy bilimlarini boyitishga, ularning jamiyatdagi jarayonlarga daxldorlik hissi bilan yashash ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri