Ombudsman: fuqarolar murojaati doimo e’tiborda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili tomonidan 2026-yilning birinchi choragi davomida fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash, ularda ko‘tarilgan masalalarni o‘rganish, buzilgan huquqlarni tiklash, shuningdek, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda o‘tkazilgan monitoring tashriflari natijalari to‘g‘risida ma’lumot beriladi.
– Hududlar kesimida eng ko‘p murojaatlar Nukus shahri, Amudaryo va Beruniy tumanlaridan kelib tushgan. Eng kam murojaatlar Shumanay va Mo‘ynoq tumanlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Kelib tushgan murojaatlarda asosan mehnat munosabatlari, ish haqi va kompensatsiya to‘lovlarini undirish, aliment to‘lovlari, ijtimoiy yordam, nafaqa va nafaqa ta’minoti, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, uy-joy, yer, kommunal xizmatlar, sud hujjatlari ijrosi, tergov va jazoni ijro etish muassasalari bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi, – deydi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili Jenisbay Shlimbetov.

Ta’kidlanganidek, hisobot davrida har haftaning dushanba va payshanba kunlari fuqarolarning doimiy qabuli tashkil etildi. Shuningdek, aholiga yanada yaqinlashish, murojaatlarni joyida o‘rganish va tezkor hal etish maqsadida 3 ta sayyor qabul o‘tkazildi. Bundan tashqari, fuqarolarning murojaatlarida bildirilgan holatlarni xolis va batafsil o‘rganish maqsadida 12 ta murojaat joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida aniqlangan holatlar bo‘yicha tegishli tashkilot va idoralarga 2 ta ta’sir chorasi ko‘rinishidagi hujjatlar tayyorlanib, Ombudsman tomonidan kiritildi. Fuqarolarning huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq murojaatlarini o‘rganish natijasida 1 nafar fuqaroga 179 million so‘m miqdorida yetkazilgan zararni 92 million so‘mga kamaytirishga erishildi, 1 nafar fuqaroning 2 million so‘mdan ortiq mablag‘i uning foydasiga qaytarilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.
Hisobot davrida Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili va Ombudsman huzuridagi Jamoatchilik guruhlari a’zolari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanayotgan joylarga jami 16 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirildi. Shundan bir marta tergov hibsxonasiga, ikki marta vaqtincha saqlash hibsxonalariga, ikki marta manzil-koloniyasiga, bir marta ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonaga, to‘qqiz marta psixiatriya, narkologiya, “Saxovat" va "Muruvvat" muassasalari hamda boshqa yopiq muassasalarga to‘g‘ri keldi. Monitoring tashriflari davomida 50 dan ortiq harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar bilan jamoaviy, 20 nafar shaxs bilan yakka tartibda suhbat o‘tkazildi.

Monitoring davomida ushbu muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari, ovqatlanishi, tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatlari, mehnatga jalb etilishi, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi, ma’naviy-ma’rifiy ishlar holati, murojaat qilish imkoniyatlari hamda saqlanayotgan shaxslarning huquqlariga rioya etilishi o‘rganildi.
Masalan, 27-sonli Manzil-koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning murojaati asosida qo‘llanilgan intizomiy choralar muddatidan oldin olib tashlanishi ta’minlandi. Shuningdek, 2-sonli Tergov hibsxonasida xo‘jalik ishlariga jalb qilingan mahbuslarning murojaati bo‘yicha ushbu hibsxonada uzoq muddatli uchrashuv xonalari tashkil etildi. Bundan tashqari, 27-sonli Manzil-koloniyasida ham jazo muddatini o‘tayotganlar va 2-sonli Tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxslarning murojaatlari asosida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Mahkum va mahbuslardan kelib tushgan murojaatlar tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda ko‘rib chiqilishi natijasida 4 nafar jazo muddatini o‘tayotgan shaxs alohida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ulardan biri davolanish uchun tibbiyot muassasasiga joylashtirildi.
2026-yilning 1-choragida Ombudsmanning Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mintaqaviy vakili tomonidan fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar asosida huquqiy xabardorlikni oshirishga qaratilgan tadbirlar tashkil etildi. Xususan, "Ombudsman maktabi" platformasi doirasida hududning Taxiatosh tumanida va Qoraqalpog‘iston Respublikasi yuridik texnikumida ochiq muloqotlar o‘tkazilib, ularda 200 nafarga yaqin fuqaro va yoshlar qamrab olindi.

Ushbu tadbirlarda aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan masalalar - bandlik va mehnat munosabatlari, ijtimoiy himoya, nafaqa va aliment, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish, murojaat qilish tartibi kabi masalalar tushuntirildi.
Bundan tashqari, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylar xodimlari o‘rtasida "Qiynoqqa mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik" tamoyillarini targ‘ib qilish maqsadida 27-sonli Manzil-koloniya va 2-sonli Tergov hibsxonasida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi.
Shu bilan birga, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylardagi shaxslar(mahbuslar)ning huquqlari va qonuniy manfaati sohasidagi bilim va xabardorligini oshirish maqsadida 27-sonli Manzil-koloniyada "Ombudsman maktabi" loyihasi doirasida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. Shuningdek, bandlik masalasi dolzarb bo‘lgan hududlarda 1 ta mehnat yarmarkasi tashkil etildi. Yarmarkada 37 ta tashkilot tomonidan 157 ta bo‘sh ish o‘rni taklif etilib, 15 nafar fuqaroga ishga joylashish uchun yo‘llanma berildi. Yoshlarning huquqiy bilimlarini mustahkamlash maqsadida "Ombudsman soati" platformasi doirasida hududlardagi 4 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida darslar tashkil etildi.
Umuman, ushbu platformalar orqali hududiy vakilning faoliyati faqat murojaatlarni ko‘rib chiqish bilan cheklanib qolmasdan, aholiga huquqiy tushuntirish berish, muammolarni joyida hal etish va ehtiyojmand qatlamlarga manzilli yordam ko‘rsatishga qaratildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri