Omborlar donga to‘ldi, bo‘shagan yerlar takroran ekiladi
Buxoro viloyati Romitan tumani g‘allakorlari o‘tgan yilning kuzida 5 ming 980 gektar maydonga g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tomonidan bug‘doyning serhosil va tezpishar “Starshina”, “Alekseyevich”, “Grom”, “Krasnodarskaya-99”, “Olimpik” kabi istiqbolli navlari urug‘ini ekib, parvarishladi. Bugun omborlarni to‘ldirib, mo‘l hosil yig‘ib olindi.
Aniqroq aytganda, 253 ta fermer xo‘jaligining mavjud g‘allazorlaridan bugungacha 13 ming tonnadan ziyod sara don yig‘ib qabul punktlariga topshirildi. Shu tariqa davlatga don sotish rejasi bajarildi.
Tuman bo‘yicha har gektar g‘allazordan o‘rtacha 70 sentnerdan hosil olindi. Bunda “Xalqobod” hududidan “Karim Rabbi Agro”, “Saida”, “Sanzgamburg Fayz”, “Chelong‘u” hududidan “Zamin”, “Nurbek Azizbek Mahmud”, “Davlat Mashhur zamini”, “Sa’dullo Siddiq zamini”, “F.Qurbonov” hududidan “Ibrohim Shamshod Zohid”, “Davlatmurod Omad yeri”, “O‘rinobod”, “Qo‘rg‘on” hududidan “Jomard Sulton”, “Qo‘rg‘on Romitan saxovati”, “Yangiobod” hududidan “Ozodbek Dilmurod”, “Asad Polvon”, “Ko‘xna Zamin Jamoli”, “Bog‘iturkon ” hududidan “Fayzullo Sardor Sho‘robod”, “Bozor Mirxon”, “Normurod-Niyoz” kabi fermer xo‘jaliklarining hissasi katta bo‘lmoqda. “Zarafshon” hududidan “Boboxon Dilshod Sunnat”, “Majid Baxtiyor Komil”, “Sho‘rcha” hududidan “Asl Omad”, “Jahonbek”, “Nurmuhammadobod”, “Oston Madad” kabi fermer xo‘jaliklarida gektarlar hosildorligi 80-85 sentnerga yetdi. O‘rim-yig‘im yakunigacha bu ko‘rsatkich yanada oshirilishi kutilmoqda.

Fermer xo‘jaliklariga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatilganligi yutuqlarga erishishda muhim omil bo‘ldi. Ya’ni mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i moylash materiallari va zarur moddiy yordam bilan o‘z vaqtida ta’minlanganligi katta samara berdi. Shuningdek, xarid narxlari mablag‘i g‘alla hosildorligiga qarab to‘lanishi ham davlat shartnomaviy rejalarining sharaf bilan uddalanishida muhim ahamiyat kasb etdi.
Joriy yilning iyun oyi dastlabki kunlaridan boshlangan o‘rim-yig‘im mavsumiga hududda 27 ta yuqori unumli kombayn ekipaji va hosilni qabul maskaniga tashishda yuzdan ortiq zarur texnika jalb etilgan. Har bir kombayn ekipaji bir kunda 70-80 tonna atrofida g‘allani saranjomlagani, qolaversa, kombayn operatorlariga bo‘nak puli berilib, o‘rim otryadlariga texnik xizmat ko‘rsatishda zarur sharoit, ehtiyot qism va yoqilg‘i-moylash materiallari hozirlangani ham o‘z natijasini berdi.
Ayni paytda ham jarayonda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nuqson va kamchiliklar dalaning o‘zida bartaraf qilinib, kunlik ish hajmi sarhisob qilinmoqda. Ana shu sa’y-harakat tufayli bugunga kelib tumanda yalpi xirmonni 45 ming tonnadan oshirish uchun mehnat qilinmoqda. Negaki, dalada hali hosil cho‘g‘i baland, kombayn “o‘rog‘i” tushmagan konturlar ko‘p. Mutaxassislarning fikricha, g‘allazorlardagi jami bug‘doy yig‘ib olinsa, g‘allachilikdan keladigan umumiy daromad 135 milliard so‘mni tashkil etadi.
Shu bilan birga hosildan bo‘shagan maydonlar peshma-pesh shudgor qilinib, klaster va fermer xo‘jaliklari tomonidan otaliqqa olingan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga takroriy ekin ekish uchun bo‘lib berilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, tuman bo‘yicha 1 ming 798 nafar aholiga 899 gektar g‘alladan bo‘shagan yer maydonlarini takroriy ekin ekish, mavjud imkoniyatlardan omilkorlik bilan foydalanib, daromad topish uchun taqsimlab berish ko‘zda tutilgan.

Bunda tajribali dehqon va fermerlar g‘alladan bo‘shagan yerlarni parvarishlash bilan bog‘liq ishlar, jumladan, yerni kerakli mineral va mahalliy o‘g‘itlar bilan o‘g‘itlash, ekin turiga qarab o‘z vaqtida sug‘orish, unga urug‘lik qadash, chopish yumshatish va umuman, barcha zarur agrotexnik tartiblari haqida yosh dehqonlarga tavsiyalar berishadi. Shuningdek, bunday toifadagi oilalarga 300 kilodan bug‘doy ham tarqatiladi.
Zarif Komilov, O‘zA