Oltinsoyliklar referendumni qo‘llab-quvvatlaydi
Surxondaryo viloyati Oltinsoy tumanida “Yangi Konstitutsiya – xalq dardiga quloq solish davlat asosi” shiori ostida aholi bilan targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Unda Surxondaryo viloyati hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zulxumor Xidirova, respublika “Oila” markazi bo‘lim boshlig‘i Dilbar Alimjonova, respublika “Oqila ayollar” harakati a’zosi, yuridik fanlar doktori Feruza Muhiddinova va boshqalar yangilanayotgan Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati haqida atroflicha so‘z yuritdi.

Yangi tahrirdagi Bosh Qomusimizga kiritilayotgan barcha o‘zgarishlar avvalo inson qadrini yuksaltirish, insonning huquq va erkinliklari ustuvorligini ta’minlashga qaratilgani, yangilanayotgan O‘zbekistondagi islohotlarning pirovard maqsadi, bosh g‘oyasi ham ushbu ezgu xalqparvar maqsadni amalga oshirishga yo‘naltirilgani xususida fikr almashildi.

– Yangi O‘zbekistonda ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va erkinliklarini ta’minlash, davlat va jamiyat ishlaridagi ishtiroki uchun keng imkoniyatlar yaratish yo‘lida dadil qadamlar tashlandi, – dedi yuridik fanlar doktori Feruza Muhiddinova. – Xususan, ilk marta xotin-qizlarning milliy parlamentimizdagi ulushi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tavsiyasiga mos 32 foizga yetdi. Ayollar ulushi davlat xizmatida 33 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida 46 foizni, ta’limda 74 foizni, tibbiyotda 77 foizni tashkil etmoqda. 2 ming nafarga yaqin ayollarimiz davlat va jamoat tashkilotlarida rahbarlik lavozimlarida xizmat qilmoqda. Yangi Konstitutsiyamiz loyihasiga aholining 18 milliondan ortig‘ini tashkil etuvchi yoshlar masalasiga bag‘ishlangan maxsus bob kiritilgani ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Xususan, yoshlarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlash, jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirish, ularning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan rivojlanishi, o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun shart-sharoitlarni yaratish majburiyatini davlat o‘z zimmasiga oladi. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangan XIV bobidagi 76-,77,-78-moddalarda bu qoida va normalar yozib qo‘yilgan.

Uchrashuv ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri