"Oltin qalam"– ijodiy parvozga da’vat
Poytaxtimizdagi "Turkiston" saroyida jurnalistika sohasidagi "Oltin qalam" milliy mukofoti uchun o‘tkazilgan XV tanlov g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi hamda Jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro markazi tomonidan o‘tkazilayotgan mazkur tanlov milliy jurnalistikamizni yanada rivojlantirish, ijodkorlarni o‘z ustida ishlashga da’vat etmoqda.
Keyingi yillarda milliy media sohani rivojlantirish borasida ko‘plab amaliy ishlarga qo‘l urildi. Jurnalistika ravnaqini ko‘zlovchi ezgu tashabbuslar hayotga faol tatbiq etilmoqda. So‘z va matbuot erkinligi uchun tobora ko‘proq imkoniyatlar yaratilmoqda. Ayni damda erkinlik mas’uliyatini his etish masalasi ham dolzarb ahamiyat kasb etayotir. Davlatimiz rahbarining "Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta’minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq, media sohada yangi tizim yaratildi.
Ana shu xizmatlar tomonidan ijtimoiy jarayonlar haqida ishonchli axborot berish maqsadida matbuot anjumanlari, brifinglar, media turlar muntazam o‘tkazilmoqda. Jamiyatdagi muammolarga tezkor munosabat bildirilmoqda.
Oxirgi yillarda yurtimizda katta auditoriyaga ega bo‘lgan qariyb 290 ta xususiy va idoraviy internet nashrlari tashkil etildi. Ular tegishli axborotlar bilan birga eng muhim rasmiy xabarlar, normativ-huquqiy hujjatlarni o‘zbek, rus va ingliz tillarida tarqatmoqda. Muhimi, ommaviy axborot vositalari joylardagi muammo va kamchiliklarni bugun baralla ko‘tarib chiqmoqda.
Bugun mamlakatimizda 1,8 mingdan ortiq ommaviy axborot vositasi faoliyat ko‘rsatmoqda, ularning 60 foizdan ortig‘ini nodavlat media tuzilmalar tashkil etadi. Internet tarmog‘ida ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatdan o‘tib, faoliyat yuritayotgan veb-saytlar soni 630 taga yetdi.
Milliy media olamida o‘ziga xos o‘ringa ega bo‘lgan "Oltin qalam" mukofoti uchun tanlovida o‘tgan yillar mobaynida 7 mingdan ortiq jurnalist 107 mingga yaqin ijtimoiy ahamiyatga molik ishlari bilan qatnashdi. 290 nafardan ortig‘i tanlov g‘olibi bo‘ldi. 2020 yilda tanlov pandemiya sababli o‘tkazilmadi.
Joriy yilda tanlovni o‘ziga xos formatda o‘tkazishga ahamiyat qaratildi. Xususan, " Chet ellik jurnalistning O‘zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun" rag‘batlantiruvchi nominatsiya asosiy mukofotlar sirasiga kiritildi. Yana bir o‘zgarish - tanlovga taqdim etilgan materiallarning elektron shaklini uyushmaning journalist.uz veb saytida ochilgan "Oltin qalam --2021" bo‘limiga joylashtirish, uni besh balli tizim bo‘yicha baholash yo‘lga qo‘yildi. Bu jarayonda ishtirokchilarning ishlari ommaviy axborot vositalari, media tuzilmalar, sohaga kadr yetishtiruvchi oliy o‘quv yurtlari, axborot xizmatlari tomonidan baholab borildi.
Bu yilgi tanlovga 430 ga yaqin jurnalist uch mingdan ortiq ijodiy ishi bilan qatnashdi. So‘zga mas’uliyat va ifoda mahorati, jurnalistning fuqarolik pozitsiyasi, tanqidiy-tahliliy mushohada, yuksak professionalizm, ijodga yangicha yondashuv kabi mezonlar asosida ishlar baholandi. G‘olib va sovrindorlarni aniqlash, ya’ni , yakuniy xulosaga kelishda tanlov nizomida belgilanganidek, uyushma saytida amalga oshirilgan baholash natijalariga ham tayanildi.
Tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash "Ilhom" jamoat fondi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.
N.Usmonova, O‘zA