Oltiariqning “Do‘stlik” jamoasidan “oltin dubl”
Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” o‘yingohida “Sementchi” (Quvasoy) va “Do‘stlik” (Oltiariq) jamoalari ishtirokida futbol bo‘yicha Farg‘ona viloyati chempionatining final o‘yini bo‘lib o‘tdi.
Keskin kurashlarga boy o‘tgan final uchrashuvining birinchi bo‘limida “Do‘stlik” futbolchilari 25–daqiqada Abror To‘xtasinov tomonidan kiritilgan gol evaziga 1:0 hisobida ustunlikka erishishdi. Ikkinchi bo‘limning 55-daqiqasida “Sementchi” futbolchisi Doston Bobojonov javob to‘pini kiritib, hisobni tenglashtirdi. Oradan 3 daqiqa o‘tar o‘tmas, Umid Hoshimov yana Oltiariq jamoasini oldinga olib chiqdi: 2:1. 75-daqiqada “Do‘stlik” o‘yinchisi Habibullo Buvatayev tomonidan kiritilgan gol o‘yinga yakun yasadi: 3:1
O‘yindan keyin tashkil etilgan taqdirlash marosimida “Do‘stlik” jamoasi a’zolariga chempionlik kubogi va oltin medallar topshirilgan bo‘lsa, “Sementchi” vakillariga kumush medallar tantanali taqdim etildi.
M. Sulaymonov, O‘zA