Olmaotaga toʻqqizta Il-76 samolyoti yetib keldi
Qozog‘istonning Olmaota aerodromiga to‘qqizta Il-76 samolyotida Rossiya harbiy havo desantchilari yetib kelishdi, deb xabar bermoqda Rossiya mudofaa vazirligi.
Rossiya kontingenti Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining (KXSHT) tinchlikparvar kuchlari tarkibiga kiradi. Bundan avvalroq Armaniston mudofaa vazirligi ham 100 nafar harbiy xizmatchisini jo‘natgani haqida bayonot bergan edi.
Kuni kecha Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayev mamlakatda bo‘layotgan tartibsizliklarni bostirish uchun harbiy yordam so‘rab KXSHTga murojaat qilgan edi.
Qozog‘istonga Rossiya va Armanistondan tashqari, KXSHTning boshqa a’zolari ham yordam ko‘rsatadi. Ma’lumot uchun: mazkur tashkilotga Rossiya, Armaniston, Belarus, Tojikiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston kiradi. Avval ta’kidlanganidek, tinchlikparvar kuchlari ma’muriy va diplomatik ob’ektlarni qo‘riqlaydi hamda mahalliy harbiylarga tartib o‘rnatishda yordam beradi.