Oliy ta’lim tizimini isloh qilish davr talabi
Bugun jahonda barcha sohalarda rivojlanish, takomillashish tendensiyasi yuqori sur’atda kechmoqda. Bu yurtimiz ta’lim sohasidagi jadal islohotlarda ham o‘z ifodasini topmoqda. Oliy ta’lim tizimida yuzaga kelgan muammolarni qisqa muddatda bartaraf etish maqsadida keyingi yillarda sohani tubdan takomillashtirish, izchil rivojlantirish, zamon bilan hamnafas qilish borasida aniq, izchil va keng ko‘lamli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, soha taraqqiyotiga yo‘naltirilgan o‘nlab muhim farmon, qaror va dasturlar qabul qilindi. «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi mamlakatning yaqin istiqboldagi taraqqiyot yo‘lining bosh ustuvor hujjati sifatida xalqaro jamoatchilik, nufuzli ekspert-mutaxassislar, davlat va jamoat arboblari, siyosatshunoslar tomonidan yuqori baholandi.
Xalqimizning erkin va farovon, qudratli Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha xohish-irodasini ro‘yobga chiqarish, har bir fuqaroga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sog‘lom, bilimli va ma’naviy barkamol avlodni tarbiyalash, global ishlab chiqarishning muhim bo‘g‘iniga aylangan kuchli iqtisodiyotni shakllantirish, adolat, qonun ustuvorligi, xavfsizlik va barqarorlikni kafolatli ta’minlash maqsadida beshta ustuvor yo‘nalish va 100 ta maqsad belgilab olindi.
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasida oliy ta’lim sohasini yanada rivojlantirish ham maqsad qilib qo‘ygan. Strategiyaning birinchi ustuvor yo‘nalishi «Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun munosib sharoitlarni yaratish»ga qaratilgan bo‘lib, uning 7-12 maqsadlarida aynan oliy ta’limni isloh qilish ko‘zda tutilgan.
Ushbu maqsadlarga monand oliy ta’lim muassasalari tashkiliy-boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash maqsadida Guliston davlat pedagogika institutida qo‘shimcha 1000 o‘rinli o‘quv binosi hamda 400 o‘rinli talabalar turar joyini qurish ishlari amalga oshirilmoqda.
Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan to‘liq ta’minlash maqsadida institutimiz tomonidan Sirdaryo viloyatidagi barcha maktablar bilan doimiy hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Institut o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarida aholi talablariga va xalqaro standartlarga to‘liq javob beradigan sifatli ta’lim tizimini tashkil qilish nazarda tutilgan. Bugungi globallashuv va davlatlararo raqobat tobora kuchayib, internet va innovatsion texnologiyalar har sohaga chuqur kirib borayotgan, dunyoda an’anaviy jamiyatdan axborotlashgan jamiyat sari harakatlar kechayotgan davrda mamlakatimizda har bir mutaxassisni mustaqil fikrlaydigan, jamiyatda faollik ko‘rsatadigan, qiyinchiliklarni qo‘rqmasdan yengib o‘ta oladigan, raqobatbardosh, o‘z Vataniga sodiq shaxs sifatida kamolga yetkazish oliy ta’lim sohasining eng asosiy, ustuvor vazifasi bo‘lib qolmoqda.
Aziz Qalandarov,
Guliston davlat pedagogika instituti prorektori.