Oliy ta’lim bo‘yicha xorijlik ekspert bilan uchrashuv
Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev oliy ta’lim bo‘yicha rossiyalik ekspert Andrey Volkov bilan uchrashdi.
Onlayn uchrashuvda O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, OTMlarni nufuzli xalqaro reytinglarga kiritish bo‘yicha kun tartibida turgan masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Ulug‘bek Tashkenbayev inspeksiya faoliyati va mamlakatda oliy ta’lim tizimida sifat ko‘rsatkichlarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tar ekan, mazkur jarayonlar O‘zbekiston uchun juda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
— 2018 yildan boshlab oliy ta’lim muassasalarining milliy reytingini aniqlash tizimini yo‘lga qo‘ydik, – dedi Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i. - Mazkur tizim orqali OTMlarning nafaqat moddiy-texnik bazasi, balki ilmiy salohiyati, tadqiqotlarni amalga oshirish qobiliyatiga ham baho berish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Mazkur jarayonda ko‘zga ko‘ringan eng muhim jihatlardan biri esa oliy ta’lim muassasalarida fundamental fanlar kengroq rivojlangan. Ya’ni, amaliy fanlarni takomillashtirish bo‘yicha kun tartibida turgan masalalarimiz yig‘ilib qolgan. Albatta, bu kabi jarayonlar Rossiya tajribasida bir necha yillar oldin bosib o‘tilgan. Shunday ekan, bu bo‘yicha o‘zaro tajriba almashishimiz har ikki mamlakat tizimi uchun foydadan holi bo‘lmaydi.

- 20 yil davomida Rossiya oliy ta’lim muassasalarida sifat ko‘rsatkichlarini oshirish va xalqaro reytinglarga kiritishda O‘zbekistonga o‘xshash yo‘lni bosib o‘tdik, – dedi rossiyalik ekspert. – Shu nuqtai nazardan, bu o‘rinda eng asosiy masala, O‘zbekistonning Rossiya tajribasida yo‘l qo‘yilgan xatolardan xulosa chiqarib, muvaffaqiyatlarining tizimga to‘g‘ri tatbiq etishidir.
Xalqaro ekspertlar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar yangi qaror loyihasini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA