Oliy sud rahbariyatining Samarqanddagi sayyor qabuli
Fuqarolarning muammolarini ularning huzuriga borgan holda tinglash, joyida hal qilish, pirovardida aholining davlatdan rozi bo‘lishiga erishish maqsadida Respublika Oliy sudi rahbariyati tomonidan fuqarolarning sud-huquq sohasiga doir murojaatlarini o‘rganish bo‘yicha ommaviy sayyor qabullar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Samarqand viloyati aholisi uchun 13-14 iyun kunlari Oliy sud raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Kattaqo‘rg‘on va Jomboy tumanlarida kengaytirilgan sayyor qabullar tashkil etildi.
Samarqand viloyati sudi raisi Olim Hayitovning qayd etishicha, qabullarga aholi kelishi uchun yo‘l-transport jihatidan qulay hududlar tanlandi.

Qabullar avvalida Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov fuqarolarga uchrashuv o‘tkazib, davlatimizning bu sohadagi siyosati, qonunchilikdagi yangiliklar, sud-huquq islohotlari haqida batafsil ma’lumot berdi.
Yuzma-yuz muloqotlar chog‘ida jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar bo‘yicha murojaatlar bo‘ldi.
Fuqarolarga ro‘yxatdan o‘tishdayoq murojaati yuzasidan aniq yo‘nalish berilib, tegishli mas’ul qabuliga yo‘naltirildi.

64 nafar fuqaro Oliy sud rahbariyati va ishchi guruhi qabulida bo‘lib, o‘z muammolarini bayon etdi. 32 ta jinoyat ishlari bo‘yicha, 21 ta fuqarolik va 6 ta iqtisodiy ishlar bo‘yicha va 4 ta ma’muriy sudlarga murojaat qabul qilindi.
Murojaatlarning qonunga muvofiq keladiganlari ijobiy hal qilindi va qolganlariga huquqiy tushuntirish berildi. Vaqt va jarayon talab qiladigan murojaatlar bo‘yicha hujjatlar, arizalar qabul qilinib, alohida nazoratga olindi.
Sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan probatsiya nazorati ostida jazo o‘tayotgan 23 nafar fuqaro Oliy sud raisi o‘rinbosari qabulida qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini, bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib, jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi.

Tadbir davomida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarning sayyor sud majlislari tashkil etildi. Sayyor sudda har bir holat alohida ko‘rib chiqilib, murojaatlar ijobiy hal qilindi. Ozodlikni cheklash va axloq tuzatish ishlari jazosini o‘tayotgan 14 nafar mahkum jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan bo‘lsa, 9 nafar mahkumga nisbatan tayinlangan jazolar yengilrog‘i bilan almashtirildi.
Muborak Qurbon hayiti arafasida umid bilan sayyor qabulga kelgan fuqarolarning mushkuli oson bo‘ldi.

G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari