Oliy sud: O‘zbekiston Ayol sudyalar assotsiatsiyasi faoliyati rasman yo‘lga qo‘yildi
Oliy sudda «Muloqotdan natijaga, tajribadan odil sudlovga» shiori ostida O‘zbekiston Ayol sudyalar assotsiatsiyasi faoliyatining rasman ish boshlashi munosabati bilan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Oliy sud raisi Robaxon Mahmudova mamlakatimiz sud tizimi hayotida muhim institutsional voqea – O‘zbekiston Ayol sudyalar assotsiatsiyasi faoliyati rasman yo‘lga qo‘yilayotganini ta’kidladi.
Qayd etilganidek, mazkur tashabbus to‘rt yil avval Xalqaro ayol sudyalar kuniga bag‘ishlangan konferensiyada ilgari surilgan bo‘lib, bugun amalda ro‘yobga chiqdi. Bu mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan davlat siyosati va xalqaro hamkorlikning amaliy samarasi ekani ta’kidlandi.
Anjumanda gender tengligi sud tizimi sifati jamoatchilik ishonchi va odil sudlov samaradorligining muhim omili ekani qayd etildi. Shuningdek, Assotsiatsiya ayol sudyalarning kasbiy va liderlik salohiyatini yuksaltirish, ustoz-shogird an’analarini rivojlantirish, yosh huquqshunos qizlarni qo‘llab-quvvatlash genderga sezgir sud amaliyotini takomillashtirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston va xorijiy davlatlar sud tizimi vakillari, xalqaro tashkilotlar, davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari, diplomatik korpus hamda milliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Muhokamalarda gender tenglik standartlarini milliy qonunchilik va sud amaliyotiga tatbiq etish, xotin-qizlar va aholining ehtiyojmand qatlamlari uchun odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, inson huquqlarini himoya qilish hamda sud hokimiyatiga jamoatchilik ishonchini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar genderga sezgir sud tizimini shakllantirish bo‘yicha xalqaro ilg‘or tajribalar yuzasidan fikr almashib, sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirish va uzoq muddatli strategik tavsiyalar ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Ayol sudyalar assotsiatsiyasi mamlakat sud tizimida gender tenglik va inklyuziv yondashuvlarni rivojlantirish maqsadida joriy yil mart oyida tashkil etilgan.
N.Abduraimova, O‘zA