Olis qishloqda yoshlar festivali
Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanining olis hududi Avazcho‘l qishlog‘ida yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi. Festival doirasida qishloqda istiqomat qiluvchi aholi vakillari uchun kun davomida bir qator maqsadli loyihalar, sport musobaqalari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.
Festival dastlab orkestr sadolari ostida “Sog‘lom hayot uchun 5 ming qadam” aksiyasi bilan boshlandi. Ushbu mahallada istiqomat qiluvchi yoshlar hamda barcha aholi vakillari ishtirokida arqon tortish, voleybol, futbol, kamondan o‘q otish, “Zakovat” intellektual o‘yini hamda “Hashar biz yoshlarga yarashar” ekoloyihasi bo‘lib o‘tdi.
Musobaqalarda ishtirok etib g‘olib bo‘lgan bir guruh yoshlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Festival davomida musiqiy kecha ham tashkil etilib, aholiga xush kayfiyat ulashildi.
Ta’kidlash lozimki, olis hududlarda yoshlar festivalini o‘tkazish tashabbusi Qashqadaryo viloyati hokimi M.Azimov tomonidan Shahrisabz tumanidagi olis tog‘li qishloq Sarchashmada bo‘lib o‘tgan sayyor qabul davomida ilgari surilgandi.
[gallery-18357]
Mazkur tashabbusga ko‘ra, Shahrisabz tumani, Sarchashma mahallasida “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar festivali tashkil etildi va endilikda bu kabi festivallar barcha olis hududlarda o‘tkazilishi rejalashtirildi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari