Olis qishloq aholisi holidan xabar olindi
“Barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi muammolarni o‘rganishi va ularga yechim topishi,odamlar sezadigan natijani ta’minlashi shart”.
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan olingan bu gaplar – vazifalarga har bir rahbar o‘z faoliyatida amal qilishi kerak.
Qashqadaryoda dam olish kunlari viloyatning chekka qishloqlari aholisining turmushi bilan tanishish,ularga yaratilgan sharoitlar bilan qiziqish,muammolarini o‘rganish maqsadida odamlar bilan muloqot qilish an’anaga aylangan.

Moliya vazirligi G‘aznachiligi viloyat boshqarmasi rahbarlari Chiroqchi tumanidagi Mirzato‘p fuqarolar yig‘iniga qarashli Sariqqamish qishlog‘ida bo‘lib,aholining kayfiyati bilan qiziqdi.Kam ta’minlangan,ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga sovg‘alar ulashildi.Qishloq ahli bilan dasturxon ustidagi suhbat oqshomga qadar davom etdi.
–Hokimimiz Zoir Mirzayev tashabbusi bilan viloyatning chekka va olis qishloqlariga borib,aholining kayfiyati,turmush tarzi,muammolari bilan qiziqayapmiz.Qo‘limizdan kelgancha ularga yordam qilishga harakat qilayapmiz,–deydi viloyat G‘aznachilik boshqarmasi boshlig‘i G‘ulom Ahmedov.–Bu gal Sariqqamish qishlog‘i odamlari bilan suhbatlashdik.O‘ttizga yaqin oilaga uy-ro‘zg‘or buyumlari sovg‘a qildik.Qirqqa yaqin fuqaroni qabul qilib,fikr-mulohazalarini,muammolarini eshitdik.Qishloqning tarixi,taniqli odamlari, o‘ziga xos an’analari haqidagi suhbatlarimiz yarim tunga qadar davom etdi.
Bunday uchrashuvlar viloyatning barcha tumanlarida bo‘lib o‘tmoqda.
A.Taypatov,O‘zA