Olis maktabda vatanparvarlik musobaqasi
Mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida asosiy tayanchimiz bo‘lgan yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidori va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
Ayniqsa, umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim muassasalarini tamomlab, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yigit-qizlarni munosib ish va daromad manbai bilan ta’minlash, ularga zamonaviy kasb-hunarlar, IT-texnologiyalarni o‘rgatish, tadbirkorlikka keng jalb etish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada Davlatimiz rahbarining 2021 yil 13 iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ushbu farmon ijrosi doirasida Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi 49-maktabda “Vatan tayanchi” shiori ostida bolalar va harbiy vatanparvarlik sport musobaqasi tashkil etildi. Musobaqa davomida maktab o‘quvchilari yugurish, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka, armrestling, arqon tortish kabi ommaviy sport turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi. Shuningdek, tibbiyot xodimi ishtirokida favqulodda holatlarda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi.
– Maktabimizda muntazam ravishda o‘quvchi-yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, harbiy sohaga qiziqishlarini orttirish borasida, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ko‘plab sport musobaqalarini o‘tkazib kelamiz, – deydi maktabning chaqiruvga qadar yoshlarni boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik fani rahbari Xayri Abdurahimov. – O‘quvchilar bu kabi sport musobaqalarini doim yuqori kayfiyatda qarshi olishadi. Boisi ular orasida harbiy sohaga qiziquvchi yoshlar ko‘p.
Ko‘rinishidan oddiy maktabdagi kichkinagina musobaqa, lekin olis qishloqdagi sportga havasmand, iste’dodli o‘quvchi yoshlarni kashf etishda muhim ahamiyatga ega tadbir bo‘ldi.
Musobaqa g‘oliblari tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
O‘lmas Barotov,
O‘zA.