Olimpiya shaharchasi O‘zbekiston sporti rivojiga xizmat qiladi (+video)
Bugungi kunda mamlakatimizda sport sohasini rivojlantirish, yosh avlodni sog‘lom turmush tarziga keng jalb etish hamda xalqaro standartlarga javob beradigan infratuzilmani shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan biri Olimpiya shaharchasi barpo etish ishlaridir. Ushbu ulkan inshoot nafaqat sport musobaqalarini yuqori darajada o‘tkazish, balki sportchilar uchun zamonaviy tayyorgarlik bazasini yaratish, murabbiylar va mutaxassislar faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishni ham ko‘zda tutadi.
Olimpiya shaharchasi bir necha yirik sport va infratuzilma komplekslaridan tashkil topgan bo‘lib, ularning har biri xalqaro talablarga mos ravishda loyihalashtirilgan. Mazkur komplekslar tarkibida yirik sport arenalari, yopiq va ochiq mashg‘ulot maydonlari, sportchilar uchun zamonaviy yotoqxonalar, tibbiy-reabilitatsiya markazlari hamda ma’muriy va xizmat ko‘rsatish binolari mavjud. Hozirgi kunda qurilish ishlari jadal sur’atlarda davom etmoqda, ayrim ob’ektlarda ichki muhandislik ishlari va jihozlash bosqichlari amalga oshirilmoqda.
Loyihaning amalga oshirilishida Xitoy bilan strategik hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qurilish jarayonlarida Xitoyning yirik muhandislik va qurilish kompaniyalari ishtirok etib, zamonaviy texnologiyalar, energiya tejamkor yechimlar hamda yuqori xalqaro standartlarni amalda qo‘llamoqda. Bu esa inshootlarning mustahkamligi, xavfsizligi va uzoq muddat xizmat qilishiga zamin yaratadi.
– Mazkur zamonaviy majmuaning 2022-yil 9-noyabr kuni qurilishi boshlanib, qisqa vaqt ichida bunyod etildi, – deydi Olimpiya shaharchasi direktor o‘rinbosari Bosit Mullaxonov. – Loyiha umumiy qiymati qariyb 290 million AQSH dollarini tashkil etadi va 100 gektardan ortiq hududni egallaydi. Olimpiya shaharchasi qurilish ishlarini Xitoyning yirik kompaniyasi – CAMC Engineering amalga oshirdi. Ushbu kompaniya xalqaro standartlar asosida ish olib borib, dunyo bo‘ylab ko‘plab sport inshootlarini barpo etgan tajribaga ega. Jumladan, Xitoyda ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilish mahsulotlari – mustahkam metallokonstruksiyalar, energiya tejamkor fasad panellari va innovatsion izolyatsiya materiallari keng qo‘llanildi.
Majmuada energiya samaradorligiga alohida e’tibor qaratilib, quyosh panellari kabi ilg‘or texnologiyalar joriy etilgan.
Shuningdek, ayni vaqtda Olimpiya shaharchasi hududida ayrim sport inshootlarida xalqaro va mahalliy musobaqalar ham o‘tkazib kelinmoqda. Bu esa majmua bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilayotganini va uning salohiyati amalda sinovdan o‘tayotganini anglatadi. Tashkil etilayotgan musobaqalar yuqori darajada o‘tib, sportchilar va murabbiylar uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgani bilan ahamiyatlidir.
– Hozirda Olimpiya shaharchasi mamlakatimiz sport hayotining eng faol nuqtalaridan biriga aylangan, – deydi Olimpiya shaharchasi direktor o‘rinbosari Bosit Mullaxonov. – E’tiborlisi, aynan shu zamonaviy baza sportchilarimizga yuqori natijalarga erishish, dunyo reytinglarida munosib o‘rinlarni egallash imkonini bermoqda. Eng muhimi, Olimpiya shaharchasi bugungi kunda ham biror kun bo‘sh turgani yo‘q. Bu yerda doimiy ravishda tayyorgarlik jarayonlari, musobaqalar va sport tadbirlari davom etmoqda. Bu esa yaratilgan infratuzilmaning naqadar samarali ishlayotganini yaqqol ko‘rsatadi. Yaqin istiqbolda esa yanada yirik sport tadbirlari rejalashtirilgan. Joriy yilning kuz oylarida, xususan, oktabr-noyabr oylarida “Prezident olimpiadasi” musobaqalarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Mazkur musobaqa nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro sport maydonida ham katta qiziqish uyg‘otishi kutilmoqda. Albatta, bunday yirik musobaqalarni o‘tkazish mamlakatimizda sportni yanada rivojlantirish, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va yangi chempionlarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xulosa qilib aytganda, Olimpiya shaharchasi bu nafaqat sport inshooti, balki strategik ahamiyatga ega ulkan milliy loyihadir. U orqali mamlakatimizda sport sohasi yangi bosqichga ko‘tarilishi, yoshlar uchun keng imkoniyatlar yaratilishi hamda O‘zbekistonning xalqaro sport maydonidagi o‘rni yanada mustahkamlanishi kutilmoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/K0PE3vsO7-Q" title="Olimpiya shaharchasi O`zbekiston sporti rivojiga xizmat qiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nilufar Bozorova, Nishonboy Abduvoitov (video) O‘zA