Oksana Chusovitina yana shohsupada
Toshkent shahrida sport gimnastikasi bo‘yicha jahon chellenj kubogi davom etmoqda. Nufuzli musobaqada 14 davlatdan 60 nafar sportchi ishtirok etmoqda.
Quvonarlisi, O‘zbekiston terma jamoasi musobaqaning ilk bosqichlaridanoq yuqori natijalarni qayd etmoqda. Ayni paytda sportchilarimiz umumiy hisobda 2 ta oltin, 3 ta kumush va 1 ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi.

Erkaklar o‘rtasidagi bahslarda Abdulaziz Mirvaliyev (erkin mashq) va Ahrorxon Temirxonov (halqa) oltin medalga sazovor bo‘lishdi.

Alohida e’tiborga molik jihat shuki, afsonaviy gimnastikachi Oksana Chusovitina, 50 yoshga to‘lishiga qaramay, tayanib sakrash dasturida ajoyib chiqish qilib, kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Shuningdek, Ravshan Komiljonov (ot ustida mashq) va Humoyun Islomov (erkin mashq) kumush medal bilan taqdirlandi. Shahinabonu Yusufova esa tayanib sakrash yo‘nalishida bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA