OKMK: mahalliylashtirish dasturi davom etmoqda
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan o‘tgan 2024 yilda mahalliylashtirish dasturining ijrosi samarali bajarildi. 268 ta loyiha bo‘yicha 1 trillion 567 milliard so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Belgilangan reja 103 foizga bajarildi.
O‘tgan yili 2023 yilga nisbatan o‘sish sur’ati 3,6 barobarni tashkil etgan. Import o‘rnini bosish samaradorligi 121,5 million dollar bo‘lgan.

Dastur asosida ishlab chiqarilayotgan texnik rux sulfati, palladiy, rux oksidi kabi mahsulotlarning eksporti 3,2 million dollarni tashkil etgan. Yana bir e’tiborga molik jihat yangi loyihalar bo‘yicha 1 trillion 265,2 milliard so‘mlik mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarilgan.
Mahalliylashtirish dasturiga ko‘ra, kombinat tarkibiy bo‘linmalarida tegirmon, ekskavatorlar va gidrotsiklonlar uchun ehtiyot qismlar, misdan elektr o‘tkazgichlar, sferali sharli tayanchlar, shamot g‘ishtlari, po‘lat frezalar va sverlolar, tokarlik kesgichlar, metallokonstruksiyalar, portlovchi moddalar, konveyer roliklari kabi mahsulotlar ishlab chiqarildi.
Sanoat kooperatsiyasi orqali 2024 yilda mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalardan 1 trillion 376,7 milliard so‘mlik mahsulotlar xarid qilinib, ushbu yo‘nalishda reja 102 foizga bajarildi.
Mahalliy ishlab chiqaruvchilardan po‘lat sharlar, ammiakli selitra eritmasi, butillangan ksantogenat, moyli faza kabi import mahsulotlarning xaridi amalga oshirilib, import o‘rnini bosish samaradorligi 5,7 million dollarni tashkil etganini alohida ta’kidlash joiz.
OKMK tomonidan mahalliy ishlab chiqaruvchilar shatakka olish tizimi bo‘yicha har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Tizim asosida mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan kombinat tomonidan avval import qilingan 6,6 million dollarlik mahsulotlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. 2025 yilda ham OKMKda mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirish davom etmoqda.
OKMK Axborot xizmati