OKMK: ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash doimo e’tiborda
OKMK ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini bajarish barobarida respublikamizdagi ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirishga ham salmoqli hissa qo‘shmoqda. Bu haqida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tomonidan ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash borasida 2024 yilda amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan brifingda batafsil ma’lumot berildi.
OKMK axborot xizmati rahbari Umida Qarshiboyevaning ta’kidlashicha, joriy yilda kombinat homiyligida Namangan viloyati Pop tumanidagi Chodak qishlog‘ida yangi tikuvchilik fabrikasi ishga tushirildi. Tikuv fabrikasi uchun Yaponiya va Xitoyda ishlab chiqarilgan tikuv mashinalari xarid qilindi va 520 nafar ayol ish bilan ta’minlandi. Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani “Eltamg‘ali” mahallasida bolalar bog‘chasi va turar joy binosi foydalanishga topshirildi. 2 qavatli binoda joylashgan bolalar bog‘chasi 80 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bino barcha zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Shuningdek, 2 qavatli binoda 14 ta 2 xonali xonadonlar boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga berildi. Ushbu ta’mirlash ishlariga 7,33 milliard so‘m sarflandi.
Toshkent viloyati Angren shahrida joylashgan 34-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatga turar-joy binolarini ta’mirlash uchun qurilish materiallari ajratildi. Shuningdek, Angren shahrini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2 842 p/m issiqlik magistral quvurlari almashtirildi. Bugungi kunda qo‘shimcha 2 987 p/m issiqlik magistral quvurlarini almashtirish ishlari olib borilmoqda. Toshkent viloyatining ijtimoiy soha ob’ektlarining (maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablar, shifoxonalar, oilaviy poliklinikalar) isitish qozonlari va issiqlik tizimini ta’mirlash maqsadida 22,2 milliard so‘m homiylik mablag‘i ajratildi.
[gallery-21024]
Toshkent shahri Shayxontohur tumani mahallalaridagi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlash va hududlarni obodonlashtirish ishlariga 1 milliard so‘m homiylik mablag‘i o‘tkazib berilgan. “Yunusobod siti” hududida podstansiya va 110 kV kabel tarmog‘ini qurish ishlariga amaliy yordam ko‘rsatildi. Ushbu ishlarga 210 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati yurak-asab kasalliklari sihatgohi” binosidagi mavjud 2 ta lift xayriya mablag‘lari hisobidan yangisiga almashtirildi. Shuningdek, 2024 yil fevral oyida elektr tarmog‘ida ko‘p uzilishlar bo‘layotgan mahallalar 1 ta 1000 kV kuchlanishli transformator bilan ta’minlandi.
Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi 71-maxsus maktab-internati qurilishiga 22,5 milliard so‘mlik xomiylik yordami ko‘rsatildi. Bekobod shahridagi mahallalarni obodonlashtirish ishlariga 2 milliard so‘m mablag‘ berildi. Yangiyo‘l tumanidagi mahallalarni obodonlashtirish uchun 657 million so‘m mablag‘ berildi. Ayni kunlarda kombinat homiyligida Bekobod shahridagi ko‘p tarmoqli markaziy shahar poliklinikasida kapital ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Bunga 2 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Olmaliq shahridagi “Hilol” jome masjidi hududini asfalt bilan qoplash uchun 820 million so‘mlik xomiylik ko‘rsatildi. Ijtimoiy soha ob’ektlariga jami bo‘lib 652 kVtlik quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatib berilgan.
OKMKda aprel oyida Muhandislik maktabi ish boshlagan edi. Kombinat ehtiyojlari uchun professional muhandis-texnik xodimlarni qayta tayyorlash maqsadida tashkil etilgan maktabni loyihalash Germaniyaning “Aurubis” kompaniyasining o‘quv markazi namunasida amalga oshirildi. Muhandislik maktabida geologiya, konchilik ishi, kon sanoati transportlari, marksheyderlik ishi, foydali qazilmalarni boyitish, metallurgiya, mexanika, energetika, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish yo‘nalishlarida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar o‘qitiladi.
Kombinat ishchi-xodimlari obodonlashtirish ishlariga ham faol qatnashmoqda. Jumladan, 2024 yil may oyida Olmaliq shahrida “Quruvchilar” bog‘i foydalanishga topshirildi. Ishchi-xodimlar tomonidan 3150 daraxt ko‘chati va 25 ming gul ko‘chati ekildi. Yashil maydonlarni sug‘orish tizimi yangilandi. Yoritish tizimi ham yangilandi.
Axborot xizmati rahbarining qayd etishicha, kombinat ishchi xodimlarining sharoitlarini yaxshilash, mehnat faxriylarini e’zozlash borasida ham xayrli ishlar amalga oshirilgan. 2024 yil avgust oyida ish boshlagan “Nuroniylar maskani” faoliyatidan faxriylar juda mamnun. Maskanda faxriylarning kitob o‘qishi, shaxmat, shashka o‘ynashi, ovqatlanishlari uchun ham barcha sharoitlar yaratilgan. “Daryocha” maktabgacha ta’lim tashkilotining ta’mirlanishi esa bolajonlar uchun haqiqiy tuhfa bo‘ldi. Bog‘chaning ta’mir ishlariga 3,75 milliard so‘m mablag‘ sarflangan. Xondiza kon boshqarmasida foydalanishga topshirilgan 200 o‘rinli yotoqxona uzoq masofadan kelib konda ishlaydigan ishchi-xodimlar uchun juda qulay bo‘ldi.Uning qurilish ishlariga 5,1 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflangan.
Joriy yilda shuningdek, OKMK futbol jamoasi akademiyasi tarbiyalanuvchilari uchun 2 ta futbol maydoni foydalanishga topshirildi. Shuningdek, kombinat tomonidan ishchi-xodimlarning salomatligini muhofaza etish maqsadida bepul tibbiy ko‘riklar tashkil etildi. “100 matonatli ayol”, “Birgalikda bayram qilamiz”, “Biz birgamiz!”, “Matonatingiz oldida bosh egamiz!” “Yurakdan yurakka”aksiyasi shiorlari ostida ehtiyojmand va nogironligi bo‘lgan 1800 nafar kishi ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlandi. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil” shiori ostida turistik sayohatlar tashkil etilib, 1134 nafar ishchi-xodimga imtiyozli narxlarda yo‘llanmalar ajratildi. Shuningdek, ularning 532 nafariga bepul yo‘llanmalar berildi. 5451 nafar xodimlar va ularning oila a’zolari kombinat sanatoriy-profilaktoriysida hamda boshqa dam olish maskanlarida sog‘lomlashtirildi. Yozgi ta’til davrida kombinat ishchi-xodimlarining 4357 nafar farzandlari OKMK bolalar dam olish oromgohlarida dam oldi. Shundan 342 nafariga bepul yo‘llanmalar ajratildi. Har oyda 1151 nafar kombinat nafaqaxo‘rlari, II jahon urushi mehnat fronti qatnashchilari, Baynalmilal jangchilar hamda ChernobilAES avariyasini bartaraf etishda ishtirok etganlarga oziq-ovqat jamlanmalari berildi. 2024 yilda 278 nafar ayollar, 35 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar,14 nafar chin yetim va vasiylikka olinganlar kombinatga ishga qabul qilingan. Olmaliq shahridagi ko‘p qavatli uylarni, mahallalarni va ijtimoiy ob’ektlarni ta’mirlash ishlariga 7,5 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Yashil makon loyiha doirasida jami 243 gektar yer maydoniga 1,5 million dona daraxt ko‘chatlari ekildi.
Brifingda OKMK tomonidan sport sohasida erishilgan yutuqlar ham e’tirof etildi. Xususan, 2024 yilning may va avgust oylarida gandbol bo‘yicha Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo ochiq chempionatida Oliy liga OKMK erkaklar jamoasi 1-o‘rinni, ayollar jamoasi 2-o‘rinni egalladi. O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi kubogi bahslarida gandbolchi erkaklar 1-o‘rinni, ayollar jamoasi 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Gandbol bo‘yicha OKMK erkaklar va ayollar jamoasi mamlakat chempioni bo‘ldi. “OKMK-W” ayollar futbol jamoasi mamlakat chempionatida ikkinchi o‘rin sohibi bo‘ldi. Futbol bo‘yicha OKMK PFK jamoasi superligada mavsumni 47 ochko to‘plagan holda kumush medal bilan yakunladi. 11 dekabr kuni OKMK jamoasiga feyr-pley sovrini topshirildi.
Umida Qarshiboyevaning ta’kidlashicha, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati ijtimoiy sohani qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni izchil davom ettiradi. Zero, kombinatda belgilangan ustuvor yo‘nalishlardan biri bu xalq farovonligini oshirishga xizmat qilishdir.
Madina Nasriyeva,
O‘ZA