OKMK bunyodkorlari sharaflandi
Mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami yildan-yilga kengayib bormoqda.
Yangi uy-joylar, madaniy-maishiy ob’ektlar, yirik zavodlar, zamonaviy infratuzilma ob’ektlari qurilmoqda. Ushbu bunyodkorlik ishlarida albatta quruvchilarning roli katta.
Yurtimizda har yili avgust oyining ikkinchi yakshanbasi O‘zbekiston Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kuni sifatida nishonlanadi. Yirik sanoat korxonasi bo‘lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati tarkibida ham ushbu soha vakillari mehnat qiladi.
Sana munosabati bilan kombinatda mehnat qilayotgan soha vakillari uchun Olmaliq shahridagi “Tojmahal” tantanalar majmuida bayram tadbiri tashkil etildi.
Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisining buyrug‘iga ko‘ra, sana munosabati bilan “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti, Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari boshqarmasi, Kapital qurilish ishlari boshqarmasi va Loyiha ishlari boshqarmasining bir guruh ishchi-xodimlariga turli darajadagi “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni, qimmatbaho sovg‘alar, faxriy yorliqlar tuhfa etildi.
Shuningdek, ko‘p yillar davomida qurilish sohasida mehnat qilib, hozirda keksalik gashtini surayotgan bir guruh faxriylarga minnatdorlik bildirilib, esdalik sovg‘alari topshirildi.
Sana munosabati 6-7 avgust kunlari “Olmaliqmetallurgqurilish” trestining 30 yoshgacha va 30 yoshdan yuqori yoshli ishchi-xodimlari o‘rtasida mini futbol bo‘yicha musobaqa tashkil etilgan edi. bugungi tadbirda ushbu musobaqa g‘oliblari ham rag‘batlantirildi.
“Metallurg” madaniyat markazining ijodiy guruhlari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi barchaga bayramona kayfiyat ulashdi. “Iste’dod“ va “Aziya Tashkent” guruhlari tomonidan ijro etilgan sho‘x-shodon taronalar quruvchilarni raqsga chorladi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda kombinat tarkibida qurilish sohasida “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti, Ixtisoslashtirilgan ta’mirlash ishlari, Kapital qurilish ishlari va Loyiha ishlari boshqarmalari kabi korxonalari faoliyat yuritib keladi.
OKMK matbuot xizmati