OIV kasalligi bilan kurashish – barchaning burchi
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha bir kunda 7000, bir soatda 300 nafar inson immunitet tanqisligi virusi bilan kasallanadi. Boshqacha aytganda, yer yuzida yiliga o‘rtacha 2,5 million odam OIV yuqtirib, ulardan 1 million nafarga yaqini hayotdan ko‘z yumadi.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 20 yanvardagi “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori shaxsdan shaxsga o‘tuvchi OIV infeksiyasining oldini olishga qaratilgan muhim hujjatlardan biri bo‘ldi. Mazkur qaror asosida OIV infeksiyasini yuqtirgan, maxsus davolash kurslari bilan qamrab olingan va qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushgan shaxslar ko‘rsatkichini 95 foizga yetkazish, kasallik onadan bolaga yuqishining oldini olish, nikohlanuvchi shaxslarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish jarayonini elektron tizim orqali amalga oshirishni yo‘lga qo‘yish, aholi orasida infeksiyaning tarqalishiga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga doir 2023 - 2027 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar rejasi belgilab berildi.

Eng asosiysi, mazkur qaror, unda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida Sirdaryo viloyati hokimligi, tuman va shahar hokimliklari qoshida OIV infeksiyasiga qarshi kurashish tadbirlarini muvofiqlashtirish kengashlari tashkil etilib, ular tomonidan joylarda, hududlarda shu turdagi kasallikning oldini olishga qaratilgan keng qamrovli targ‘ibot tadbirlar tashkil etilmoqda.
Bu esa aholining OIV infeksiyasi, u keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan xavf omillaridan xabardor bo‘lishi, o‘z vaqtida tibbiy-profilaktika ko‘rikdan o‘tib, kasallikni yuqtirmaslik bo‘yicha tibbiy bilim va ko‘nikmalar shakllanishi, jamiyatda oilaviy va ma’naviy-axloqiy qadriyatlarning mustahkamlanishida nihoyatda qo‘l kelmoqda.

Yangiyer shahri va Xovos tumanida tashkil etilgan OIV infeksiyasi, u keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlarida hokimliklar kotibiyat mudirlari, prokuratura, Oila va xotin-qizlar bo‘limi, shahar va tuman tibbiyot birlashmasi, adliya, ichki ishlar, shahar va tuman SEO va JSX vakillari hamda Sirdaryo viloyat OITSga qarshi kurash markazi xodimlari ishtirok etdi.

–OIV epidemiyasi boshlangandan buyon yurtimizda 48 mingdan ziyod, Sirdaryo viloyatida esa 2000 ga yaqin shaxsga OIV kasalligi tashxisi qo‘yilgan bo‘lib, joriy yilning to‘qqiz oyi davomida yangi OIV tashxisi qo‘yilganlar soni 100 nafardan oshdi. Achinarlisi, Yangiyer shahri 34,4 ta ko‘rsatkich bilan viloyatda OIV infeksiyasi eng ko‘p aniqlangan shahar bo‘lib qolmoqda. Kasallangan shaxslar va ularga OIV yuqish yo‘llari o‘rganilib, tahlil etilganda ushbu turdagi infeksiya kasallangan bemorlarga jinsiy yo‘l bilan yuqqanligi aniqlangan. Bu holat, ayniqsa, xorijda bo‘lib kelgan mehnat migrantlari o‘rtasida kuzatilgan. Uch oydan ortiq xorijda bo‘lib, viloyatga qaytgan fuqarolarni 72 soat ichida OIV infeksiyasiga qarshi tekshiruvlar bilan qamrab olishga erishmoq zarur, – deydi Sirdaryo viloyat OITSga qarshi kurash markazi bosh shifokori G.Normurotova.
Yangiyer va Xovosda o‘tkazilgan tadbirlar davomida OIV infeksiyasi, uning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil etildi.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA muxbiri