Oilaviy mehmon uylariga talab ortmoqda
Toshkent viloyatida ayni paytda 150 ta oilaviy mehmon uylari faoliyat yuritmoqda.
Toshkent viloyatida ayni paytda 150 ta oilaviy mehmon uylari faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 8 avgustdagi “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur mehmon uylarida dam oluvchilar va sayyohlar uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Eng muhimi mazkur oilaviy mehmon uylari faoliyati natijasida aholi bandligi ta’minlanib, turmush farovonligi oshmoqda.
Sayyohlik industriyasi, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini takomillashtirish natijasida 2018 yilda viloyatga 3 million 500 mingdan ziyod, shu jumladan, 550 ming nafardan ortiq xorijlik sayyohlar tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yillarga nisbatan ancha ko‘p. Ayniqsa, chet eldan tashrif buyuruvchi sayyohlarning oilaviy mehmon uylariga bo‘lgan qiziqishi tobora ortmoqda.
Oilaviy mehmon uylari tashkil etishda Bo‘stonliq tumani ulkan salohiyatga ega. Go‘zal va maftunkor tabiati, o‘ziga xos fusunkor manzaralari, fayzli go‘shalari har bir sayyohni maftun etadi.
Bo‘stonliq tumani Davlat xizmatlari markazi xodimlari “Siz kelmang, o‘zimiz boramiz” loyihasi doirasida tuman markazidan 57 chaqirim olisda joylashgan “Burchmullo” va “Yakkatut” mahalla fuqarolar yig‘inida sayyor xizmatni amalga oshirdi. Sayyor xizmatda 60 ga yaqin fuqaro ishtirok etgan bo‘lsa, ularning 29 nafari oilaviy mehmon uylarini tashkil etish yuzasidan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
– Tumanimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimi ko‘payib, ichki turizm jadal rivojlanmoqda, – deydi Yakkatut qishlog‘ida yashovchi Mamlakat Sulaymonova. – Ilgari kelgan sayyohlarga har kim o‘zi bilganicha xizmat ko‘rsatar edi. Chunki, boshqariladigan tizim yo‘q edi. Oilaviy mehmon uylarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etishni maqsad qilganmiz. Milliy taomlarimizni shu yerning o‘zida, xorijlik sayyohlar ishtirokida tayyorlashni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari ko‘rsatayotgan tez va qulay xizmatdan mamnunmiz. Xorijlik sayyohlarni kutib olish, xizmat ko‘rsatish, mehmonlar bilan muomala qilish, sohaga oid qonun hujjatlari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida bir haftalik o‘qish ham tashkil qilinar ekan. Bu albatta faoliyatimiz rivojiga xizmat qiladi.
Mamlakat opaning ta’kidlashicha, tog‘li qishloqdagi asosiy qatnov yo‘llarining nosozligi, ta’mirtalab holga kelib qolgani shu hudud aholisi uchun ham, sayyohlar uchun ham ko‘plab noqulayliklar keltirib chiqarmoqda. Qishloq fuqarolari ushbu masala yuzasidan mutasaddi tashkilotlardan amaliy yordam kutmoqda. Zero, ushbu muammoning ijobiy hal etilishi so‘lim Burchmullo va Yakkatut qishlog‘iga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimining yanada ko‘payishiga xizmat qiladi.