Oilasidan voz kechgan ona qamaldi
Majburiy ijro byurosi Surxondaryo viloyati Muzrabot tuman bo‘limi ish yurituviga noodatiy aliment undiruvi bilan bog‘liq ijro hujjati kelib tushib, ijro harakatlari olib borildi.
Gap shundaki, Dilrabo Sodiqova oilasidan voz kechib, bir nafar yolg‘iz farzandini qaynonasiga tashlab ota uyiga ketib qolgan.
D.Sodiqovaning qaynonasi bolani o‘z tarbiyasiga olib, uni moddiy ta’minot bilan ta’minlashda qiynalgani sababli fuqarolik ishlari bo‘yicha Quyichirchiq tumanlararo sudiga bolaning onasidan aliment undirib berishini so‘rab qilgan murojaati qanoatlantirilgan.
Mazkur sudning 2018 yil 25 sentyabrdagi aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati bo‘yicha Byuroning Muzrabot tuman bo‘limi tomonidan ijro harakatlari olib borilib, bolasini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan ona bilan bir necha bor tushuntirish-targ‘ibot ishlari borilgan.
Bolasiga aliment to‘lamasligini aytgan onaga nisbatan Byuroning tuman bo‘limi xodimlari ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirib, jinoyat ishlari bo‘yicha Muzrabot tuman sudiga taqdim etilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudi binosida bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida bolasiga aliment to‘lashdan bosh tortgan onaning ishi atroflicha ko‘rib chiqilib, Dilrabo Sodiqova aybiga iqrorlik bildirgani, haqiqatdan ham bir farzandining ta’minoti uchun 8 million so‘m aliment pullarini to‘lamaganini tan olib, suddan yengillik so‘radi.
Sud huquqbuzar D.Sodiqovaga jazo taynlashda aybini tan olib, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini, ayolligini, ilgari ma’muriy javobgarlikka tortilmaganini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddasiga asosan 7 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgiladi.
Alimentchi onaning ma’muriy qamoq jazosini o‘tab chiqishi uni aliment qarzdorligini to‘lashdan ozod etmaydi.
Abduqodir Toshqulov,
MIB Muzrabot tuman
bo‘limi davlat ijrochisi