Oilani asrashga barchamiz mas’ul
Toshkent viloyati Qibray tumanida oilaviy munosabatlar va mol-mulk sabab o‘zaro nizolashgan oilalarni yarashtirishga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Toshkent viloyati Qibray tumanida oilaviy munosabatlar va mol-mulk sabab o‘zaro nizolashgan oilalarni yarashtirishga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan Xotin-qizlar qo‘mitasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, Toshkent viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda tashkilotchi idora mas’ullari, FHDYo xodimlari, imom-xatiblar, mulk nizosi yoki er-xotin munosabati buzilishi sabab oilasida tinchligi yo‘qolgan 60 dan ziyod oila vakillari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda fuqarolarning qonuniy haq-huquqini so‘zsiz himoya qilish, ayniqsa, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish, onalik va bolalikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, oilalar mustahkamligi va baxtli yashashini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada Prezidentimizning 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2018 yil 27 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida oila institutini mustahkamlash konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori muhim huquqiy asos vazifasini o‘tayotir.
Mazkur hujjatlar ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi, Xotin-qizlar qo‘mitasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi hamkorligida notinch oilalardagi ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorlashtirish, jumladan, qarindoshlar o‘rtasida o‘zaro mulk talashish, er-xotin, qaynona-kelin va boshqa oilaviy munosabatlarda o‘zaro nizolashganlarni yarashtirish, o‘zaro murosaga keltirish borasida targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
“Bo‘ston” sihatgohida o‘tkazilgan navbatdagi ochiq muloqotda ham oila, uning muqaddas qo‘rg‘on ekani, muqaddas dinimiz va milliy qonunchiligimizda oilani mustahkamlash bo‘yicha belgilangan talablar, xalqimizga xos milliy qadriyatlar, o‘zaro mehr-oqibat, oilaviy munosabatlar ahamiyati haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, o‘zaro oilaviy nizolashish kabi salbiy holatlarning oldini olish, er va xotin mas’uliyati, ularning bir-biri oldidagi burch va huquqlari, baxtli va tinch-totuv yashash asoslari hayotiy misollar orqali tushuntirildi.
Ochiq muloqot, samimiy suhbat natijasida 3 ta oilaga quvonch, baxt va to‘kislik qaytdi. Ya’ni, 3 ta oila yarashtirildi. E’tiborli jihati, ushbu oilalardagi 5 nafar farzand barcha qatori endi ota-onasi bag‘rida, ularning mehriga qonib voyaga yetadigan bo‘ldi.
Shuningdek, tadbirda 2 ta meros va uy-joy nizosi taraflarni yarashtirish orqali hal etilib, ular o‘rtasidagi qarindoshlik rishtalari saqlab qolindi. Boshqa oilaviy masalalarda murojaat qilgan 14 fuqaroning muammolari joyida hal etilib, 20 nafardan ziyod fuqaroga huquqiy maslahat berildi.
Tadbir doirasida “Ota”, “Farzand omonat” nomli qisqa metrajli videofilmlar, ayollar va voyaga yetmaganlar jazoni ijro etish muassasalaridan olingan video lavhalar namoyish etildi.