“Oila shajarasini tuzish” bo‘yicha davlat xizmati yo‘lga qo‘yiladi
Arxiv - bu hujjatli meros hisoblanib, qo‘lyozmalar, kutubxona fondlari, audiovizual materiallar va raqamli yozuvlar insoniyatning jamoaviy xotirasi va merosining muhim poydevori. U asrlar davomida bilimlar, ijodiy faoliyat natijalari hamda jamiyatlarning o‘ziga xosligini saqlashni ta’minlaydi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda arxiv sohasini raqamlashtirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish va aholi uchun qulay elektron xizmatlarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda muhim yo‘nalishlaridan biri - fuqarolarga o‘z ajdodlari, qarindoshlik rishtalari va oila tarixi haqida ishonchli arxiv ma’lumotlarini olish imkoniyatini yaratishdan iborat.
Shu maqsadda “Oila shajarasini tuzish” bo‘yicha davlat xizmati yo‘lga qo‘yilmoqda. “O‘zarxiv” agentligi axborot xizmati rahbari Anvarjon Aliyev bu bo‘yicha quyidagilarni ma’lum qildi.
–Hozirda aholiga ko‘rsatilishi rejalashtirilayotgan yangi va dolzarb davlat xizmatlaridan biri - oila shajarasini shakllantirish xizmati, ya’ni “Shajara” axborot tizimi.
Mazkur xizmat orqali fuqarolar o‘z avlodlari haqidagi ma’lumotlarni davlat arxivlari, fuqarolik holati dalolatnomalari yozuvlari va boshqa rasmiy manbalar asosida aniqlash imkoniga ega bo‘ladi. Xizmat O‘zbekiston milliy arxivi tomonidan Davlat xizmatlari markazlari, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda maxsus “Shajara” axborot tizimi orqali ko‘rsatiladi.
Fuqarolar davlat xizmatidan ikki usulda foydalanishlari mumkin. Jumladan, davlat xizmatlari markazlariga shaxsan murojaat qilish orqali hamda elektron shaklda YAIDXP yoki “Shajara” axborot tizimi orqali.
Elektron murojaatlar kunu tun, ya’ni 24 soat davomida qabul qilinishi aholi uchun yanada qulaylik yaratadi. Murojaat jarayonida fuqarolar maxsus elektron so‘rovnomani to‘ldiradi hamda mavjud hujjatlarni PDF, PNG yoki JPEG formatlarida ilova qilishlari mumkin. Zarur hollarda notarial tasdiqlangan ishonchnoma asosida uchinchi shaxs ham murojaat qilishi mumkin.
Shuningdek, murojaatlarni tasdiqlashda zamonaviy identifikatsiya vositalari - elektron raqamli imzo, Mobil-ID, daktiloskopiya kabi mexanizmlardan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Ariza kelib tushganidan so‘ng O‘zbekiston milliy arxivi mutaxassislari tomonidan keng qamrovli o‘rganish ishlari amalga oshiriladi.
Xususan, “FHDYOning yagona elektron arxivi” ma’lumotlari tahlil qilinadi, davlat arxivlarida saqlanayotgan hujjatlar o‘rganiladi, tug‘ilish, nikoh, vafot va aholi ro‘yxatlari haqidagi ma’lumotlar solishtiriladi, zarur hollarda manfaatdor idoralardan qo‘shimcha ma’lumotlar so‘raladi hamda tarixchi olimlar va mutaxassislar jalb qilinadi.
Natijada fuqaroning oila daraxti shakllantiriladi va QR-kod qo‘yilgan rasmiy arxiv ma’lumotnomasi taqdim etiladi. Agar arxiv ma’lumotlari topilmagan bo‘lsa, bu haqda ham rasmiy ma’lumotnoma beriladi.
Davlat xizmati bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Dastlab ariza ko‘rib chiqiladi va xizmatni amalga oshirish imkoniyati baholanadi. Keyin esa belgilangan tartibda to‘lovning ikkinchi qismi amalga oshiriladi.
Ta’kidlash joizki, xizmatni elektron shaklda olishda fuqarolar uchun qo‘shimcha yengilliklar yaratilgan bo‘lib, YAIDXP yoki “Shajara” tizimi orqali murojaat qilinganda belgilangan yig‘imning 90 foizi undiriladi.
Shu bilan birga, “Shajara” axborot tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha xalqaro tajriba ham chuqur o‘rganilmoqda.
Kelgusida “Shajara” axborot tizimida interaktiv oila daraxtini shakllantirish arxiv va tarixiy ma’lumotlar bazasida avtomatik qidiruv, shajaradagi shaxslarga mos arxiv yozuvlarini avtomatik tavsiya qilish, bir nechta foydalanuvchining bitta shajara ustida hamkorlikda ishlashi, ko‘p tilli qidiruv tizimi, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish mexanizmlari hamda genetik va etnik kelib chiqishni tahlil qilish imkoniyatlarini joriy etish nazarda tutilmoqda.
Bu esa fuqarolarga nafaqat o‘z oila tarixini o‘rganish, balki milliy qadriyatlar, ajdodlar merosi va tarixiy xotirani saqlashga ham xizmat qiladi. Shajara - bu faqatgina oila daraxti emas, balki millat tarixi, avlodlar davomiyligi va ma’naviy merosni aks ettiruvchi muhim manba hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, mazkur tashabbus davlatimiz rahbarining arxiv sohasini raqamlashtirish va aholiga zamonaviy elektron xizmatlarni joriy etishga qaratilgan islohotlarining amaliy davomi hisoblanadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA