Oila – millatimizning azaliy qadriyati
O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi huzuridagi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot institutida “Oila institutini mustahkamlashning dolzarb masalalari: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida xalqaro onlayn konferensiya o‘tkazildi.
Mazkur institut direktori, pedagogika fanlari doktori Nodira Egamberdiyeva va boshqalar mamlakatimizda oila manfaatlarini himoyalash masalasiga ustuvor vazifa sifatida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Mamlakatimizda qabul qilinayotgan ko‘plab davlat dasturlari, ijtimoiy ahamiyatga molik loyhalar eng avvalo oilalar manfaatlarini ta’minlash, oila degan muqaddas tushunchaning mohiyati, ezgu hayotiy missiyasini yoshlar ongiga to‘g‘ri yetkazish, odamlarning og‘irini yengil qilish, turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Diqqatga sazovor jihati, eng og‘ir pandemiya sharoitida ham mamlakatimizda qiynalgan, ehtiyojmand oilalarga jiddiy e’tibor, moddiy va ma’naviy ko‘mak ko‘rsatildi.
“Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti erta turmush va erta tug‘ruq holatlarini oldini olishning ilmiy asoslari, xalqaro standartlar asosida oilada zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarga ijtimoiy, huquqiy, psixologik xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, Tashqi mehnat migratsiyasining oila ijtimoiy-demografik barqarorligiga ta’sirini baholash borasida samarali loyihalarni olib bormoqda. Shu bilan birga
[gallery-2445]
xotin-qizlar bandligini ta’minlashning ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmlarini ishlab chiqish, O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirishda ijtimoiy shartnomani qo‘llashning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy asoslarini shakllantirish muammolari, mahalla fuqarolar yig‘inlarida ish yuritish jarayonini amalga oshirishda elektron axborot resurslaridan foydalanish texnologiyalariga doir tadqiqotlar dolzarb muammolar yechimini izlashda, ularni o‘z vaqtida hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
– Mazkur anjuman ham nazariy, amaliy jihatdan ahamiyatlidir, – dedi “Mahalla va oila” ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari Oynisa Musurmonova. – Sababi, bugungi kunda yoshlarning oilaga munosabatini to‘g‘ri shakllantirish, ularning bu ibratli qadriyatga nisbatan mas’uliyatini kuchaytirish, oilalarni turli ichki yemirilishlar, ajrimlardan himoyalashga doir innovatsion tadqiqotlarni tahlil etish, kelgusidagi rejalarni belgilab olish imkonini beradi.
Konferensiyada yangi O‘zbekistonda oila institutini rivojlantirish va xotin-qizlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning mazmun-mohiyati, mamlakatimizda oila farovonligi va demografik rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari, oilada gender tenglikni ta’minlashning huquqiy, iqtisodiy va ijtimoiy asoslari, oila tarbiyasida milliy va umumbashariy qadriyatlarning o‘rni va ahamiyati kabi mavzularda ma’ruzalar atroflicha muhokama etildi.
N.Usmonova, O‘zA