Ohangaronda turizm klasteri tashkil etiladi
Toshkent viloyati Ohangaron tumani o‘zining tabiati, iqlim sharoiti, qolaversa, muqaddas qadamjolari bilan nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik sayyohlarni ham maftun qilmoqda.
Ikki tomonini Qurama va Chotqol tog‘ tizmalari o‘rab turgan, o‘rtasidan Ohangaron daryosi oqib o‘tgan ushbu vohaning maftunkorligi barchani birdek hayratga solishi, shubhasiz. Vohada yer landshaftining barcha ko‘rinishlarini (o‘rmon, tog‘, qir-adir, to‘qayzor, tekislik, cho‘l va h.k.) uchratish mumkin. Ushbu holat tabiatning xilma-xil bo‘lishini, o‘simlik va hayvonot dunyosining rang-barangligini ta’minlaydi. Masalan, birgina Qurama tog‘ tizmasining o‘simlik va hayvonot dunyosi Chotqol tog‘ tizmasinikidan keskin farq qiladi. Sababi quyosh nurlari ko‘proq Chotqol tarafga tushadi. Daryo bo‘yidagi to‘qayzor ham o‘ziga xos tabiat olamiga ega bo‘lib, bu yerda ko‘plab noyob hayvon turlari va o‘simliklarni uchratish mumkin.
Tuman ekoturizmni rivojlantirish uchun juda qulay hudud sanaladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ekoturizmning rivoji uchun birinchi navbatda havoning tozaligi muhim ahamiyatga ega. Shu sababdanmi Ohangaron tumanining Ertoshsoy, Ovjazsoy, O‘rg‘ozsoy kabi joylari barchaning diqqatini o‘ziga tortib kelmoqda. Aytish mumkinki, turizm sohasini rivojlantirish uchun eng avvalo kommunikatsiya tuzilmasidagi mavjud muammolarni bartaraf etish lozim. So‘nggi yillarda bu borada tumanda ko‘pgina ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, Ovjazsoyga olib boruvchi 19 kilometr, Ertoshsoyga boruvchi qariyb 12 kilometr yo‘l to‘liq asfaltlanib, endilikda bemalol yengil avtomashinalarda tog‘ning etagigacha harakatlanib borish mumkin. Olis tog‘li hududlardagi aloqa va internet sifatini yaxshilash borasida ham ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda tumanda 80 ta “mehmon uylari” tashkil etilib, ularga kuniga taxminan 500-600 nafar mahalliy hamda xorijiy turistlar tashrif buyurmoqda. Bundan tashqari, umumiy maydoni 274 gektarni tashkil etuvchi 19 ta oromgoh mahalliy va xorijlik mehmonlar uchun xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ohangaron tumani nafaqat, ekoturizm, balki ziyorat turizmi uchun ham qulay joy hisoblanadi. Uzoq tarixga ega bo‘lgan Ohangaron vohasida qadimdan asosan dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandchilik va konchilik rivoj topgan bo‘lib, bugungi kunda bu faoliyat turlarini tasdiqlovchi 204 ta madaniy meros ob’ekti mavjud. Ulardan eng mashhuri “Shoabdumalik ota” ziyoratgohi bo‘lib, hozirda bu yerda respublika miqyosida yagona bo‘lgan turizm klasterini tashkil etish g‘oyasi ilgari surildi.
Mazkur loyihani amalga oshirish maqsadida Toshkent viloyati Madaniy meros boshqarmasi tomonidan 6 milliard 500 million so‘m mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilgan. Klaster tarkibida ochiq osmon ostidagi muzey, yopiq muzey, mehmonxona, sayyohlar uchun axborot maslahat markazi, hunarmandlar shoxobchasi, rassomlar hamda hunarmandlar galereyasi, suratxona, kitob rastalari kabi qator turistik xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etiladi. Shuningdek, bir necha yillardan buyon o‘tkazilayotgan “Iloq” etnografik festivali ham har yili ko‘plab mahalliy va xorijlik sayyohlarni jalb etmoqda. Aprel-may oylarida, ayni tabiat uyg‘ongan va go‘zallikka burkangan damda o‘tkazib kelinayotgan ushbu an’anaviy festival faqatgina etnografik jamoalarning chiqishlari bilangina emas, balki Ohangaron tumanining tarixini, uning jozibadorligini keng targ‘ib qilishga xizmat qilayotganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Festival doirasida har yili 4 mingdan ziyod mahalliy va yuzlab xorijlik mehmonlarning kelishi unga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirmoqda. Ayni damda Ohangaron tumanida turizmni yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qancha innovatsion loyihalar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etish bo‘yicha quyidagi dastlabki amaliy ishlar boshlab yuborilgan. Xususan, tumanning “Yangiobod” MFYdagi o‘rmon xo‘jaligiga qarashli hududda “Chang‘i yo‘lakchasi”ni tashkil etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqilib, davlat investitsiya dasturiga kiritildi.
A.Musayev, O‘zA.