Ohangaron Yoshlar markaziga va’da qilingan kitoblar yetkazildi
Mamlakatimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. Mutasaddi vakillar joylardagi o‘rganishlarda ushbu masalalarga alohida yondashishadi.
Avvalroq Senat Raisi Toshkent viloyati Ohangaron tumanida olib borgan o‘rganishlari davomida tuman Yoshlar markazida ham bo‘lib, bu yerda joylashgan axborot kutubxonasiga kitoblar sovg‘a qilinishini aytib o‘tgan edi.
Shu munosabat bilan bugun Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi Raisi Baxtiyor Sayfullayev Oxangaron tumaniga borib, 2 aprel — Xalqaro bolalar kitoblari kuni bilan tabrikladi. Senat Raisi tomonidan va’da qilingan kitoblarni axborot kutubxonasiga topshirdi. Endilikda yangi kitoblar bilan boyitilgan kutubxona yanada kengroq xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘ldi.

M.Komilova, O‘zA