Ohangaron tumanida chorvachilik majmuasi barpo etilmoqda
Ohangaron tumani geografik joylashuvi va iqlimi nuqtai nazardan qishloq xo‘jaligi, xususan, chorvachilikni rivojlantirish uchun qulay hudud hisoblanadi.
Aynan mana shu jihatlar inobatga olinib, Vazirlar Mahkamasining "Toshkent viloyati Ohangaron tumanida chorvachilikni rivojlantirish to‘g‘risida"gi 890-sonli qarori qabul qilingan edi.
Chorvachilik rivojlangan ushbu hududda mol bozoriga ehtiyoj bor edi. Tuman hokimligi tashabbusi bilan mazkur masala ham ijobiy yechim topmoqda.
«Eyvalek» MFY hududida yangi tipdagi, zamonaviy chorvachilik majmuasi qurilish ishlari boshlab yuborildi. Mazkur inshoot uchun tuman zaxira yerlaridan 5 gektar maydon ajratildi. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 4 mln. AQSH dollarini tashkil etib, loyiha ishga tushgach, 120 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Yaqin kunlarda ish boshlaydigan ushbu majmuada bir necha ob’ektlarning qurilishi rejalashtirilgan. Bu yerda qoramol, qo‘y-echki, ot va parrandalar oldi-sotdisi uchun alohida joylar (pavilon) tashkil etiladi. Majmuada oshxona, do‘konlar, kushxona, avtoturargoh va boshqa maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari bunyod etiladi. Respublikamizning olis hududlaridan kelgan mehmonlar uchun esa zamonaviy mehmonxona faoliyat ko‘rsatadi. Bundan tashqari, majmuada bank va notarius xizmatlari yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, zamonaviy muzlatgichlar joylashtiriladi.
Majmuaning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, bu majmua odatdagi mol bozorlaridan farqli o‘laroq, haftada bir marta emas balki doimiy faoliyat ko‘rsatadi. Aholi haftaning istalgan kunida kelib, ushbu majmuadan mol xarid qilish imkoniga ega bo‘ladi.
Chorvadorlarimiz va aholi bilan bo‘lgan muloqotlar davomida ular tomonidan chet eldan naslli chorva mollari olib kelishda bir qator qiyinchiliklar yuzaga kelayotganligi to‘g‘risida fikrlar bildirilayotgan edi. Aynan mana shu masala ham e’tiborga olinib, yangi qurilayotgan chorvachilik majmuasida aholi uchun xorijdan keltirilgan zotdor chorva mollari savdosi ham yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi. Bu esa aholi hamda chorvadorlarimizni ortiqcha xarajat va to‘siqlardan xalos etishi tayin.
bugungi kunda yangi majmua uchun ajratilgan yerda quruvchilar tomonidan dastlabki qurilish ishlari boshlab yuborilgan bo‘lib, majmua 2021 yilda to‘liq qurib foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.
Ohangaron tumani hokimligi Axborot xizmati