Og‘ufurushlar guruhi fosh bo‘ldi
Giyohvandlik asr vabosiga aylandi. Dunyo manzarasiga bir nazar tashlasangiz geroin, kokain yiliga taxminan 200 ming kishining yostig‘ini quritmoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yo‘liga to‘g‘onoq bo‘layotir. Minglab go‘daklar nogiron bo‘lib dunyoga kelmoqda. Ular umrbod aziyat chekishga, hayot zavqidan bebahra yashashga mahkum. Eng achinarlisi giyohvandlik millat genofondiga jiddiy tahdid solmoqda.
Mamlakatimizda ham bu illatga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda. Biroq, shunga qaramay, hanuz bu og‘uni odamlar orasida tarqatish, sotish orqali daromad olishga harakat qilayotganlar bor.
Buxoro viloyati ichki ishlar organlari xodimlarining sa’y-harakatlari bilan yana bir og‘ufurushlar zanjiri uzildi. Joriy yilning 25 yanvar kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan Buxoro tumani hududida tezkor tadbir o‘tkazildi. Natijada 1971 yil Buxoro tumanida tug‘ilgan, oilali, 3 nafar farzandi bor, muqaddam aynan giyohvand moddalarni saqlash va o‘tkazish bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan, Buxoro tumani “Xonabod” mahallasida yashovchi shaxs xaridor sifatida borgan tanishiga 1.500.000 so‘m evaziga ikki dona “Spichki” yozuvli gugurt qutiga joylangan, Ekspert kriminalistika markazining sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra sof vazni 9,57 grammga teng bo‘lgan “Marixuana” giyohvandlik moddasini sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Mazkur fuqaroning yonlari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda kurtkasining old cho‘ntagidan qog‘oz bo‘lagiga o‘ralgan holdagi 1,42 grammga teng bo‘lgan “Marixuana” giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.
Ushbu fuqaro ishtirokida olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari jarayonida aniqlanishicha, u tanishiga 1.500.000 so‘m evaziga sotgan “Marixuana” giyohvandlik moddasini Buxoro tumani “Xonabod” mahallasida yashovchi, boshqa bir shaxsdan 1.000.000 so‘m evaziga sotib olganligi aniqlangan.
Fuqaroning bergan ko‘rsatmasi asosida Buxoro tumani “Xonabod” mahallasida yashovchi, 1975 yilda tug‘ilgan gumonlanuvchi ichki ishlar organlari binosiga olib kelinib, yonlari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, kurtkasining o‘ng cho‘ntagidan bir dona “Spichki” yozuvli gugurt qutiga joylangan sof vazni 6,78 grammga teng bo‘lgan “Marixuana” giyohvandlik moddasini saqlab kelayotganligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.
Bundan tashqari, ushbu shaxsning yashash xonadonida tintuv tergov harakati o‘tkazilganda 7 dona “Spichki” yozuvli gugurt qutiga joylangan umumiy vazni 49,46 grammga teng bo‘lgan “Marixuana” giyohvandlik moddasi borligi aniqlangan. Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida 2023 yil 25 yanvar kuni gumonlanuvchi shaxs nazorat tariqasida olingan “Spichki” yozuvli gugurt qutiga solingan marixuana giyohvandlik moddasini tanishi Buxoro shahar Piridastgir ko‘chasida yashovchi 1963 yilda tug‘ilgan ayoldan olganligi to‘g‘risida ko‘rsatma bergan.
Joriy yilning 26 yanvar kuni ushbu ayolning yashash xonadonidan oq yashil qog‘oz bo‘lagiga o‘ralgan o‘tkir hidli, yashil rangli umumiy vazni 11.08 grammga teng bo‘lgan “Marixuana” giyohvandlik moddasi topilgan va tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Surishtiruv ishlari natijasida ayol ushbu “Marixuana” giyohvandlik moddasini boshqa bir tanishi 1980 yilda Vobkent tumani Rabotibolo ko‘chasida yashovchi shaxsdan olganligi to‘g‘risida ko‘rsatma bergan.
Ayolning ko‘rsatmasiga asosan tezkor tadbir davom ettirilib, nazorat tariqasida vobkentlik erkakdan 10 quti marixuana giyohvandlik moddasi sotib olish niyati bildirilganda, erkak shu kuni soat 15:00 da ayolning uyiga 6 dona “Spichki” yozuvli gugurt qutilarga solingan “Marixuana” giyohvandlik moddasini olib kelgan vaqtda IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Umumiy vazni 51.67 gramm og‘irlikda bo‘lgan “Marixuana” giyohvandlik moddasi tegishli tartibda hujjatlashtirib olingan.
Olib borilgan keyingi tergov harakatlari davomida vobkentlik shaxs mazkur giyohvandlik vositalarini o‘z xonadonining yer maydonida ekib, parvarishlab, quritib, qadoqlab sotish uchun tayyorlaganligi isbotlandi.
Ichki ishlar organlari xodimlarining sergakligi bilan viloyatda ajal og‘usini sotish bilan shug‘ullanib kelayotgan bir jinoiy guruhning faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu bilan o‘nlab, balki yuzlab insonlarning hayoti saqlab qolingan, oilalarga putur yetishining oldi olingan bo‘lsa ajabmas. Negaki, giyohvandlik shaxs va jamiyat o‘rtasidagi munosabatni buzadi.
Giyohvandlik sabab kishilar qavmu qarindoshidan, gulday farzandlaridan, umr yo‘ldoshidan ajralib qolayotgani, ulardan aksar hollarda mayib-majruh farzandlar tug‘ilayotgani ayni haqiqatdir. Giyohvand moddalar harom bo‘lgach, uni sotish ham, tijorati ham, olingan foydasi ham harom hisoblanadi. Befarq bo‘lmang odamlar, atrofingizda shunday ishlar bilan shug‘ullanayotgan kimsa ertaga sizning farzandingizga ham chang solishi mumkin.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri