O‘g‘ri kasb-hunar maktabi o‘quvchisi ekan
Birovning uyidan pullarni o‘g‘irlagan kasb-hunar maktabi o‘quvchisi ushlandi. Bu haqida Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati ma’lum qildi.
Joriy yilning 11 mart kuni noma’lum shaxs soat 19:00 dan 23:00ga qadar bo‘lgan vaqt mobaynida Jondor tumani Qozoqon mahallasida yashovchi fuqaroning yashash uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, yotoqxonasidagi temir seyfni kalit tanlash yo‘li bilan ochadi. Natijada seyf ichida bo‘lgan 27 million 600 ming so‘m pullarini o‘g‘irlab, voqea joyidan yashirinadi.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tezkor-texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni, shu mahallada yashovchi, 2006 yilda tug‘ilgan tumandagi kasb-hunar maktabi 2-bosqich o‘quvchisi, fuqaro M.F. sodir etganligi aniqlandi.
Hozirgi kunda ushbu shaxsning viloyat hududlarida sodir etilgan boshqa shu turdagi fosh etilmasdan qolayotgan jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan dastlabki tergov hamda tezkor surishtiruv harakatlari davom etmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA