“Og‘ir toifali” mahallalar obod bo‘lmoqda
Shu kunlarda Ohangaron tumanidagi “og‘ir toifali” deb topilgan mahallalarni har tomonlama rivojlantirish, aholi turmush darajasini yaxshilash hamda hududlarni obodonlashtirishga qaratilgan “Obod mahalla – obod ko‘cha – obod xonadon” tamoyili asosida keng ko‘lamli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu sa’y-harakatlar doirasida nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, balki ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot yo‘nalishidagi tadbirlarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, aholining huquqiy ongi va siyosiy madaniyatini yuksaltirish, islohotlarning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida joylarda ochiq muloqotlar tashkil etilmoqda.


Shu munosabat bilan Respublika va viloyat ishchi guruhi tomonidan Ohangaron tumanining qo‘shni Tojikistonning So‘g‘d viloyati Asht tumani bilan chegaradosh bo‘lgan Go‘shsoy mahallasi aholisi bilan ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari ishtirok etib, Prezidentimizning Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilab berilgan asosiy ustuvor yo‘nalishlar va vazifalarning mazmun-mohiyati batafsil tushuntirildi.


Uchrashuv davomida aholini qiziqtirgan savollar tinglanib, islohotlarning amaldagi ijrosi, ularning mahalla hayotidagi ahamiyati yuzasidan atroflicha javoblar berildi. Shuningdek, Prezidentimizning Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishida belgilangan vazifalarning tumanda ijrosini ta’minlash, yoshlarni harbiy xizmatga tayyorlash, xizmatni o‘tab kelgan fuqarolarni ish bilan ta’minlash, ular uchun yaratilgan imtiyoz va imkoniyatlar haqida ham keng tushunchalar berildi.

Tadbirda Respublika ishchi guruhi va Prezident Administratsiyasi vakili so‘zga chiqib, kelgusi vazifalarni xalq bilan hamjihatlikda hal etish, mahallalarni kambag‘allik va ishsizlikdan holi hududga aylantirish, mahallalarga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish yo‘lida barcha birgalikda harakat qilishi zarurligini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, Go‘shsoy mahallasida aholi turmush darajasini yaxshilash maqsadida amalga oshiriladigan keng ko‘lamli chora-tadbirlar xususida to‘xtalib o‘tildi. Mahalla aholisining murojaatlari va takliflari tinglanib, ularni ijobiy hal etish maqsadida, mas’ul tashkilot va idoralarga aniq muddatlar belgilagan holda tegishli vazifalar yuklatildi.
A.Musayev, O‘zA.