Og‘ir atletikachilarimiz jahon chempionatida
Kecha, 5 dekabr kuni Kolumbiyaning Bogota shahrida og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi navbatdagi jahon chempionati boshlandi.
"Parij-2024" Olimpiya o‘yinlarining ilk reyting ochkolari o‘ynaladigan mazkur jahon chempionatida 90 dan ziyod davlatning 550 nafarga yaqin eng kuchli og‘ir atletikachilari qatori O‘zbekiston terma jamoasining 10 nafar a’zosi ham bahslarda ishtirok etishga hozirlik ko‘rmoqda.
Jahon chempionatida vatanimiz sharafini Olimpiya o‘yinlarining g‘oliblari Ruslan Nuruddinov va Akbar Jo‘rayev, jahon chempionlari Adham Ergashev, Doston Yoqubov, shuningdek Muhammadqodir Toshtemirov, Sharofiddin Amriddinov, Og‘abek To‘xtayev, Nigora Abdullayeva, Rigina Adashboyeva va Tursunoy Jabborova himoya qiladi.

Bugun, 6 dekabr kuni erkaklar o‘rtasida 55 va 61 kilo vaznda, qiz bolalar o‘rtasida 49 hamda 55 kilogramm vaznda ilk saralash bahslari bo‘lib o‘tadi.
Hamyurtlarimiz jahon chempionatining medallari hamda "Parij-2024" reyting ochkolari uchun kurashga 8 dekabrdan e’tiboran kirishadi.
Shu kuni Nigora Abdullayeva 55 kilogrammdagi asosiy bahslarni boshlaydi. 10 dekabr kuni esa Adhamjon Ergashev va Doston Yoqubov, 11 dekabrda Og‘abek To‘xtayev, 12 dekabrdan Muhammadqodir Toshtemirov, 13 dekabr kuni Sharofiddin Amriddinov, 15 dekabrda Rigina Adashboyeva va Tursunoy Jabborova, 16-17 dekabr kunlari Ruslan Nuruddinov va Akbar Jo‘rayev chempionlik yo‘lidagi odimlarini tashlaydi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA