Og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati boshlandi
Poytaxtimizda og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempionati boshlandi.
Musobaqalarda dunyoning 53 mamlakatidan 300 nafardan ortiq atlet g‘oliblik bilan bir qatorda “Tokio–2020” Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi qimmatli reyting ochkolari uchun kuch sinashmoqda.
Musobaqaning dastlabki kunida yengil vazn toifasidagi sportchilar raqobatlashadi.
“Yunusobod” sport majmuasida o‘tadigan jahon chempionatida mamlakatimiz sharafini 13 nafar atletimiz himoya qiladi.
Jahon chempionatida ishtirok etayotgan terma jamoamiz a’zolarining holati, ulardan kutilayotgan natijalar va musobaqa oldidan ko‘rilgan tayyorgarlik haqida O‘zA muxbiriga O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi bosh murabbiyi Jo‘ra Zoirov so‘zlab berdi.
– Avvalo, jahon chempionatida 14 nafar sportchi bilan ishtirok etishni reja qilgan edik. Afsuski, kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida sovrindor bo‘lgan Nigora Suvonova kichik jarohat olgani bois, uni o‘tkazib yuboradi. Shu sababdan Vatanimiz sharafini 13 nafar atlet himoya qiladi. Chempionat oldidan yetakchi atletlarimiz Vladivostokda asosiy jamoa bilan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazib, Toshkentga qaytib keldi. Musobaqaga tayyorgarlik uchun hukumatimiz tomonidan barcha sharoit yaratib berildi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2017 yil 9 martdagi “O‘zbekiston sportchilarini 2020 yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori yuzasidan ishlab chiqilgan dasturga ko‘ra, og‘ir atletikachilarimiz har bir nufuzli musobaqaga zamonaviy me’yorlar asosida puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Mazkur chempionatdan so‘ng “Tokio–2020” Olimpiya o‘yinlariga reyting ochkolarini beruvchi davr yakunlanadi. Shu bois, asosiy e’tiborimiz hozir bo‘sh turgan to‘rtinchi litsenziyamiz o‘rnini to‘ldirishga qaratilgan.
Ma’lumki, xalqaro tashkilot tomonidan “Tokio–2020” Olimpiadasi uchun terma jamoamizga 4 ta kvota (2 erkak va 2 ayol o‘rni) berilgan. Hozir 3 ta litsenziatimizning nomi aniq. To‘rtinchi yo‘llanmaga Kumushxon Fayzullayeva hamda Tursunoy Jabborova da’vogarlik qilmoqda. Chempionat davomida barcha sportchilarimiz maksimal natija ko‘rsatishga intilishadi. Shuni ta’kidlab o‘tishimiz kerakki, vakillarimiz orasida Muhammadqodir Toshtemirov, Hakimjon Shamsiddinov, Kumushxon Fayzullayeva, Tursunoy Jabborova, , Nigora Abdullayeva kabi polvonlarimiz chempionlik uchun asosiy da’vogarlardan hisoblanadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA