Oftob urishi hayot uchun xatarlimi?
Mana, yoz faslining ilk haftasi. Hademay, jazirama kunlar boshlanadi. Chunki saraton chillasi yaqin. Bunday pallalarda esa quyosh nuri salomatligimiz uchun aks ta’sir etishi ma’lum.
Xo‘sh, oftob tig‘i ostida qolish qanday xavfli asoratlarni keltirib chiqaradi? Buning oldini olish uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak?
— Odatda yozni maroqli o‘tkazish uchun ko‘pchilik tabiat qo‘yniga, suv havzalari bo‘yiga oshiqadi, — deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘lim rahbari Dilorom Tursunova, SSV Matbuot xizmatiga. — Bunday zavqli onlarda quyosh nuri ostida uzoq vaqt bo‘lish turli noxush holatlarga sabab bo‘lishi mumkin. Inson terisining kuyishi yoki issiq urishi ular orasida eng xavflisi. Chunki oftob ko‘zimiz ilg‘ay olmaydigan infraqizil va ultrabinafsha nurlarni ham o‘z ichiga oladi. Ularning me’yoridan ortig‘i esa organizm uchun ziyon. Xususan, ultrabinafsha nurlarining davomiy ta’siri dastavval kataraktaga, bora-bora ko‘z nurlari butunlay yo‘qolishiga sabab bo‘ladi. O‘z navbatida, ayni shu omil tufayli teri saratonining yuzaga kelishi xavfi ham mavjud. Qolaversa, oftob urishi natijasida bosh miya faoliyatining buzilishi kuzatiladi. Bunday vaziyatda qizigan tana o‘zini yetarli darajada sovuta olmay qoladi. Oqibatda haddan ziyod ko‘p terlash tufayli qon aylanish tizimi faoliyati izdan chiqadi. Ya’ni tomirlar kengayib, tanada qon aylanishi jarayoni sekinlashadi. Bu bosh miya faoliyati uchun zararlidir.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, oftob urishi bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, holsizlik kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Namlik darajasi yuqori atmosferada esa ushbu alomatlar yanada kuchayishi mumkin. Masalan, yurak urishi va nafas olish tezlashishi, ko‘z qorachig‘i kengayishi, qusish, kuchli bosh og‘rig‘i, quloq bitishi, chayqalib yurish kuzatiladi. Vaqti-vaqti bilan hushdan ketish, burundan qon kelishi, tana harorati 39-40 darajagacha ko‘tarilishi ham shunday simptomlar sirasidan.
Og‘ir holatlarda esa yuzlar qizarib, keyin oq va ko‘kimtir tusga kiradi, mushaklar tortishadi. Bemorda alahsirash boshlanadi. Tana harorati 41-42 darajagacha yuqorilab, chuqur behushlik holati rivojlanadi. Eng ayanchlisi, og‘ir darajadagi oftob urishi 20-30 foiz holatlarda o‘lim bilan yakun topadi. Semizlik, gipertoniya, yurak tug‘ma nuqsonlari, endokrin kasalliklaridan aziyat chekuvchilar uchun jazirama oftobi, ayniqsa xavfli. Qolaversa, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, keksa yoshli insonlar, kashandalar, stress holatidagi kishilarda quyosh urishi alomatlari kuchayib ketishi mumkin.
O‘zA